Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettirilishi qayd etildi.
Har bir islohot muvaffaqiyati mustahkam mezon, qonuniy asoslar samaradorligiga bog‘liq. O‘zbekiston Adliya vaziri Akbar Toshqulov shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat, Konstitutsiya, qonunlar borligini alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda milliy qonunchilik bazasi xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirib borilmoqda. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qonunchilik bazasi izchil va yuqori sur’atlarda yangilanib bormoqda. Bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlar fondi 26 mingdan ortiq yaxlit hujjatni o‘z ichiga oladi. Shundan qariyb 17 mingi, ya’ni 65 foizi so‘nggi to‘qqiz yilda qabul qilingan.
Bu holat norma ijodkorligining faollashayotgani hamda huquqiy tizim zamon talablariga tezkor va moslashuvchan tarzda javob bera olayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Hozirda Adliya vazirligi tomonidan huquq ijodkorligi faoliyatini zamon talab va chaqiriqlariga mutanosib ravishda takomillashtirishga qaratilgan yangi konsepsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyihada norma ijodkorligi faoliyatida amaldagi mexanizmlar yangilanib, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, majburiy talablarni qisqartirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni ishlab chiqishga e’tibor qaratilmoqda.
Huquqiy islohotlarning konseptual asosida “xalq – qonun muallifi” tamoyili yotadi. Loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish huquqiy hujjatlar sifatini oshirish bilan birga, davlat organlarining fuqarolar oldidagi ochiqligi, hisobdorligi va shaffofligini ta’minlaydi.
Bugunda inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor, shuningdek, muhim ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga joylashtirish majburiyati qonun bilan mustahkamlangan. Xususan, 2025 yilda vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 714 loyiha jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan bo‘lsa, ular bilan o‘rtacha har oyda ming nafardan ortiq fuqaro tanishib chiqqan.
Tashabbuskorlar hisobdorligini oshirish maqsadida jamoatchilik muhokamasi davomida berilgan takliflarni ko‘rib chiqish va tegishli jadvalni avtomatik shakllantirib portalda e’lon qilish amaliyoti joriy etildi.
Norma ijodkorligi jarayonlarida jamoatchilik ishtiroki asosan onlayn muhokamalar orqali amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, Adliya vazirligi tomonidan offlayn so‘rovnomalar, an’anaviy suhbat va muhokamalar, fokus guruhlar kabi loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishning muqobil mexanizmlarini joriy etish tashabbuslari ilgari surilmoqda.
Vazirlik tomonidan huquqiy ekspertiza jarayonida loyihaning Konstitutsiyaga muvofiqligiga alohida e’tibor beriladi. Agarda unga zid yoki cheklovchi normalar aniqlangan hollarda, ularni bartaraf etish bo‘yicha qat’iy pozitsiya bildiriladi.
Konstitutsiyaga muvofiq, davlat iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini kafolatlash, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash bo‘yicha o‘z zimmasiga majburiyatlar olgan.
Mazkur majburiyatlarning ijrosi sifatida Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Tadbirkorlik sohasiga oid majburiy talablar yagona reyestri 2025 yil 1 iyuldan to‘liq ishga tushirildi.
Hozirda Yagona reyestrga vazirlik va idoralar tomonidan 40 mingga yaqin majburiy talablar kiritilgan. “O‘zbekiston - 2030” strategiyasiga muvofiq, 2030 yilga qadar, Yagona reyestrdagi majburiy talablarni kamida 20 foizga qisqartirish belgilangan.
Bugunga qadar vazirlik tomonidan 500 dan ortiq normativ hujjatdagi 16 mingga yaqin majburiy talablar qayta ko‘rib chiqilib, 2,3 mingdan ortiq majburiy talablarni bekor qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Amaldagi qonunchilikda zamon talabiga mos kelmaydigan va eskirgan, tadbirkorlar uchun ortiqcha yuk keltirib chiqaruvchi majburiy talablar mavjudligi aniqlandi.
Shundan kelib chiqib, bitta farmon, ikkita qaror loyihasi ishlab chiqilib, Hukumatga kiritildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 15 dekabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan 1 ming 620 majburiy talab bekor qilindi.
Yagona reyestrni yanada takomillashtirish ustida ham ishlayapmiz. Xususan, majburiy talab mezonlari va metodikasini ishlab chiqish, maxsus platforma yaratish va unda sun’iy intellekt texnologiyasini joriy qilish orqali ortiqcha va takrorlanuvchi majburiy talablarni aniqlash, reyestrni doimiy tahlil va monitoring qilib borish, tadbirkorlar uchun majburiy talablar bo‘yicha xarajatlarni oldindan bilish imkoniyatini beruvchi “biznes kalkulyator”ni joriy etish, yangi majburiy talab joriy etilganida, uning o‘rniga reyestrdagi shu soha bo‘yicha boshqa bir talabni chiqarib yuborish (“one in – one out”) tartibini joriy etish, majburiy talablarni qayta ko‘rib chiquvchi maxsus komissiya faoliyatini takomillashtirish, kichik ishchi guruhlar faoliyatini tugatgan holda, loyiha ofislarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishi tamoyilidan kelib chiqib, islohotlarni tarqoq qarorlar va quyi darajadagi hujjatlar orqali emas, balki bevosita qonunlar bilan belgilash ustuvor vazifaga aylandi. Bunday yondashuv huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqlik va chalkashliklarning oldini olish hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun barqaror va tushunarli huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar ulushini 2030 yilga qadar 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi dasturi amalga oshirilishi juda muhim hisoblanadi. Ushbu dasturni to‘liq amalga oshirish milliy qonunchilik bazasidagi qonunlar ulushining sezilarli darajada oshishiga, 40 dan ortiq soha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlovchi qonunlar bilan tartibga solinishiga xizmat qiladi.
Umuman olganda, Adliya vazirligi loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, majburiy talablarni qisqartirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar ulushini oshirish kabi yo‘nalishlarda 2026 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA