Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri: O‘zbek tili BMT minbarida jaranglash darajasiga yetgani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi
17:47 / 2023-10-21

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

Zero, til – bu millatni millat sifatida ko‘rsatadigan, milliy o‘zlikni ifodalaydigan, tarix va bugunni bog‘laydigan vositadir. Shu ma’noda tilni asrash, sof o‘zbek tilini barcha jabhalarda birdek qo‘llanishini ta’minlash barchamiz uchun birdek muhim.  

Adliya vaziri Akbar Toshqulov davlat tili haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Vazirning qayd etishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.  

– Yurtimizdagi barcha idora va tashkilotlarda davlat tilida ish yuritilishini ta’minlashda sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi, – dedi adliya vaziri. – Xususan, Adliya vazirligida barcha hujjatlar davlat tilida yuritiladi. Boshqaruvdan tortib eng kichik bo‘g‘inlargacha ish yurituvini lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida olib borishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘ylaymanki, mamlakatimizdagi barcha sohalarda, barcha jabhalarda o‘zbek tilining nufuzini oshirish bo‘yicha ana shunday keng ko‘lamli ishlar davom ettirilmoqda. Shunday sa’y-harakatlar natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lmoqda. O‘zbek tili ko‘p marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarlarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab kelmoqda. Chin ma’noda ona tilimiz tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayapti va bu barchamizga g‘urur, faxr, iftixor bag‘ishlaydi.  

Avlodlar, asrlar osha qancha o‘zgarish va evrilishlarni ko‘rib, taraqqiy etib, mustahkamlanib borayotgan tilimizning bundan keyin ham qadri tobora oshib, nufuzi yuksaklikka ko‘tarilishiga barcha birdek hissa qo‘shishi zarur.  

N.Abduraimova,

O‘zA