Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri: odamlarga binoning hashamati emas, balki u yerda yaratilgan sharoit va qulaylik muhim
12:35 / 2023-08-01

Yozda salqin, qishda issiq, yorug‘ va shinam... Bu hamma orzu qiladigan maskan. Shunday joylar yon-atrofimizda bormi? Ha, albatta bor. Bunday maskanlarda aholiga qulayik yaratish, ko‘rsatiladigan xizmatlar soni va sifatini oshirish ham maqsad qilingan. Binolarni zamonaviylashtirish va sonini ko‘paytirish ustida muntazam ish olib borilmoqda.

Bu – davlat xizmatlari markazlari bo‘lib, tizimdan  foydalanish darajasi 2022 yil davomida 12 millionga yetgan. Joriy yil birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 6,5 millionga yaqinni tashkil etdi.  

–Davlat xizmatlari markazlari 2018 yil 1 yanvarda faoliyat boshlagan paytda 37 turdagi davlat xizmati faqat tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib fuqarolar va tadbirkorlarga 280 dan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilmoqda, – dedi Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva. – Ayni paytda har kuni o‘rtacha 70-75 ming kishi markazlarga tashrif buyurmoqda.  

Joriy yilda yangi 24 ta davlat xizmati markazi ishga tushirildi. Shu bilan birga, Jalaquduq, Nukus hamda Ko‘kdala tumanlarida zamonaviy yangi binolar foydalanishga topshirildi.  

Umuman, bugungi kunda 200 ga yaqin tuman va shaharda davlat xizmatlari markazlari zamonaviy binolarda faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida markazlardan 50-100 km. uzoq, tog‘li hududlarda 138 filial tashkil etilgan.  

Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonuniylikka rioya etilishi alohida nazoratda. Joriy yil olti oyida davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vakolatli organlar tomonidan 65 mingga yaqin qonun hujjatlarining buzilishi  aniqlandi. Tekshirish va o‘rganish natijalari bo‘yicha 4 mingdan ziyod ta’sir choralari qo‘llanildi. Kiritilgan taqdimnomalar natijasida tegishli tashkilotlarning 264 nafar xodimiga nisbatan intizomiy, 2,5 mingga yaqin mas’ul shaxsga ma’muriy jarima jazo chorasi qo‘llanildi.  

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida vazirlik rahbariyati bevosita joylarga chiqib, o‘rganishlar o‘tkazmoqda.  

Adliya vaziri Akbar Toshqulov yaqinda Chilonzor va Olmazor tumanlaridagi davlat xizmatlari markazlari faoliyati hamda fuqarolarga yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishdi.    

Xususan, fuqarolarga davlat xizmati ko‘rsatish vaqtini qisqartirish va optimallashtirish maqsadida markazlardagi elektron navbat uskunalarida xizmatlardan foydalanishda toifalarga ajratgan holda navbat olish imkoniyati va “Navbatsiz xizmat maskanlari” joriy etishga e’tibor qaratildi.  

Endilikda davlat xizmatlari markazidagi elektron navbat uskunalarida xizmatlar «oson», «o‘rta» hamda «murakkab» toifalarga ajratiladi. Bu tashrif buyuruvchilarning navbatda turish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi. Bugungi kunda ushbu qulayliklar Chilonzor va Olmazor tumanlarida joriy etildi.  

Yana bir qulaylik – Chilonzor tumani davlat xizmatlari markazida tashkil etilgan “Navbatsiz xizmat maskani”dir. Ushbu maskan orqali tashrif buyuruvchilar qo‘shimcha to‘lov evaziga alohida sharoitlarga ega bo‘lgan hududda istalgan xizmatdan navbatsiz foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolarga alohida xodim tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.  

Adliya vaziri, shuningdek, Shayxontohur tumanida davlat xizmatlari markazining yangi binosi qurilish jarayoni bilan tanishdi.  

Hozirgi kunda ichki qismi ta’mirlanayotgan markaz binosi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilmoqda. Yangi bino zamonaviy axborot texnologiyalari va aloqa uskunalari, fuqarolar uchun qulay kutish maydoni, sovutish tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, markaz nogironlar aravachalari hamda qo‘shimcha infratuzilma va Brayl shriftidagi ma’lumotlar bilan jihozlanadi.  

Bu yerda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsad qilingan. Markaz elektron navbat uskunalarida xizmatlardan foydalanishda toifalarga ajratilgan holda navbat olish imkoniyati, infokiosk, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish zonasi, bolalar o‘yin maydonchasi, ovqatlanish joyi, mini-kutubxona va bepul Wi-Fi bilan ta’minlanadi.  

Qurilish ishlari bilan tanishish jarayonida adliya vaziri markaz binosining zamonaviy va sifatli bo‘lishi yuzasidan tavsiyalar berdi. Jumladan, markaz birinchi navbatda, xalq uchun qulay bo‘lishi, buning uchun, avvalambor, eng zarur sharoitlar yaratilishi zarurligi ta’kidlandi. Xizmat olishga kelgan fuqaro binoning hashamati, pardoz va bezaklariga emas, balki xizmat olish uchun yaratilgan sharoit va qulayliklarga ahamiyat qaratadi. Maskan yozda salqin, qishda issiq, yorug‘ va shinam bo‘lsagina odamlarning ko‘ngli to‘ladi.  

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA