Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri oʻrinbosari: Litsenziya axborot tizimi ishlab chiqilib, yagona portal orqali hujjat topshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi
14:37 / 2020-08-26

Adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev mazkur farmon yuzasidan quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi.


Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yana-da keng shart-sharoitlarni yaratish maqsadida joriy yilning 24-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmon imzolandi.

Adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev mazkur farmon yuzasidan quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi.

“Prezidentimizning joriy yil Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida tadbirkorlik faoliyatini litsenziyalash va ruxsat berish tartiblarini tubdan takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida farmon loyihasi tayyorlandi. Ushbu farmon bilan litsenziyalash va ruxsat berish tartiblarida tub oʻzgarishlar sodir boʻldi.

Birinchidan, litsenziyalash oʻrniga xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etildi. Mazkur tartibga koʻra, tadbirkorlar oʻz faoliyatini boshlashdan oldin vakolatli organni xabardor qilsa, kifoya. Xabarnomani yuborish vaqtida uni yuborayotgan tadbirkor oldindan belgilangan talablarga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Shunisi eʼtiborliki, ushbu tartibda koʻplab hujjatlarni vakolatli organlarga olib borish, katta miqdordagi davlat bojini toʻlash talab etilmaydi. Shuningdek, faoliyatni boshlash uchun yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organlarning qaror qabul qilishi talab etilmaydi. Litsenziya axborot tizimi ishlab chiqilib, barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, uni koʻrib chiqish va berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Farmon bilan litsenziya, ruxsatnomalarni maxsus qogʻoz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechilib, QR-kod qoʻyilgan elektron hujjatlar taqdim etishga oʻtish belgilandi. Taʼkidlash kerakki, bu harakatlar sohada korrupsiyaga qarshi muhim chora hisoblanadi. Farmonda qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqish nazarda tutilgan. Litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlari joriy qilinadi. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib oʻtirishiga zarurat qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy maʼlumot va talablar pasportlarda aks ettiriladi”.