Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri: Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni 14 mingdan oshgan
08:44 / 2021-12-17

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston prokuraturasi: kecha, bugun va ertaga” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda adliya vaziri Ruslanbek Davletov jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish bugun har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 118-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu faoliyat oxirgi yillarda jamoatchilikning ko‘z oldida rivojlanib bormoqda.

 - Xususan, oxirgi uch yilda prokuratura organlari tomonidan qonuniylikni ta’minlash maqsadida jami 540 mingdan ortiq prokuror hujjatlari qo‘llanilgan, - dedi R. Davletov. - Bu bir oddiy raqamdek ko‘rinadi, lekin bu raqamlar ortida katta mehnat yotganligini fahmlash qiyin emas.

Oxirgi 5 yil davomida O‘zbekiston Respublikasida korrupsion qilmishni sodir etib, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni 14 mingdan oshgan.  

Shulardan 160 nafardan ortig‘i respublika miqyosidagi, 1 ming 270 nafardan ortig‘i viloyat miqyosidagi hamda 13 ming nafardan ortig‘i tuman miqyosidagi mansabdor shaxslar ekanligi prokuratura organlarining korrupsiyaga toqatsizlik borasidagi faoliyat ko‘lami qay darajada ekanligini ko‘rsatadi.

2021 yilning o‘tgan 6 oyida 140 mingdan ortiq fuqaroning murojaati hal etilib, 23 mingga yaqin shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

Shunday bo‘lsada, tan olib aytish kerak, faqatgina prokuraturaning bir o‘zi qonuniylikni to‘liq ta’minlay olmaydi. Bu jarayonlarda boshqa organlar ham, jamoatchilik ham faol ishtirok etishi kerak.  Nazorat-tekshiruv sohasi hali hamon islohotga muhtoj. Bu o‘rinda biz bugungi kunda respublikadagi turli davlat boshqaruv organlari tarkibidagi 50 dan ortiq nazorat-tekshiruv idoralarini nazarda tutayapmiz. Ularning 10 dan ortig‘i o‘zlari tekshirishi kerak bo‘lgan vazirlik va idoralarga bo‘ysunadi.

Bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qandaydir qonun buzilish holatlari kelib chiqadi, deb qayd etildi vazir ma’ruzasida.

- Tabiiyki, prokuratura organlari har bir qadamni nazorat qila olmaydi, - deydi Adliya vaziri. - Bunga resurs yetmaydi. Qolaversa, hech bir davlatda bunday holat ham mavjud emas. Shundan kelib chiqib, nazorat-tekshiruv idoralari tizimini isloh qilib, prokuratura bilan hamkorligini samarali tarzda yo‘lga qo‘ya olsak, bu qonun ustuvorligini ta’minlash nuqtai nazaridan anchagina foydali bo‘ladi.

Adliya organlari va prokuratura o‘rtasidagi hamkorlik ancha mustahkamlangan. bugungi kunda 3 ta kodeks, Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat ijroiya kodeklari ustida birgalikda ish olib borayapmiz.

Yer munosabatlari sohasidagi Prezident Farmoni asosida yer berish tartiblari o‘zgardi. Ushbu farmon ijrosini ta’minlashda  prokuratura organlariga ham katta mas’uliyat yuklangan.

 

N. Abduraimova, O‘zA