Adliya vazirligi o‘tgan yil faoliyati haqidagi hisobotini jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari e’tiboriga havola etdi.
«Adliya vaziri jamoatchilik oldida hisobot beradi» nomli media-iventda nafaqat vazirlik faoliyati tahlil qilindi, balki jamiyatda huquqiy sohadagi tendensiyalar ham ko‘rib chiqildi.
Adliya vaziri Akbar Toshqulov tizimda yagona boshqaruvni joriy qilish uchun davlat rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shilganini qayd etdi. Natijada optimal boshqaruv mexanizmiga erishildi.
2022 yilda Adliya vazirligi tashabbusi bilan 56 qonun, 54 Prezident hujjati, 66 Hukumat hujjati, 37 idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi.
Kelib tushgan jami 142,7 mingta murojaatning 123,1 mingtasi, ya’ni 86,2 foizi qonuniy hal etildi.

2022 yilda 11,7 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bu 2021 yilga nisbatan 2,3 milliontaga ko‘p.
Davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish 21 foizdan oshdi. 25 yangi davlat xizmatlari joriy etildi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari uchun 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llanilishi yo‘lga qo‘yildi.
Mobil-ID tizimi joriy etildi, 488 ming 87 nafar fuqaroga ushbu tizim orqali xizmatlar ko‘rsatildi.
Intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida ham qator yangiliklar joriy etildi.

Mualliflik huquqi ob’ektlarini saqlashga mo‘ljallangan «Mualliflik ob’ektlari yagona bazasi» axborot tizimi ishlab chiqildi.
«Mualliflik va turdosh huquqlar sohasida qonunbuzilishlar reyestri» davlat axborot tizimi ishlab chiqildi.
Ayrim intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat tomonidan moliyaviy yordam berilishi tartibi joriy qilindi.
Intellektual mulk ob’ektlarini elektron shaklda ro‘yxatga olish va QR-kodli muhofaza hujjatlarini berish imkoniyati yaratildi.
2022 yil ma’muriy islohotlarga boy bo‘ldi. Vazirlik huzurida Personallashtirish agentligi tashkil etildi. «O‘zarxiv» agentligi Adliya vazirligi huzuriga o‘tkazildi.
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari hamda FHDYO organlari tuman (shahar) adliya bo‘limlari bo‘ysunuviga o‘tkazilib, yaxlit boshqaruv tizimi yaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tadbir yakunida vazirlik bo‘ylab media-tur tashkil etildi.

N.Abduraimova, O‘zA