French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri huquqiy tadbirlar samarasi bilan tanishdi
17:39 / 2025-08-22

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov tizimdagi tashkilotlar va o‘quv muassasalari faoliyati hamda adliya idoralari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan huquqiy targ‘ibot ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo‘ldi.

Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyda bo‘lib, joriy yilning birinchi yarimida amalga oshirilgan ishlar, o‘quvchilarga ta’lim berishdagi uslublar va o‘quv dargohidagi so‘nggi yangiliklarni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, yangi o‘quv yiliga tayyorlik, o‘quvchilarga yaratilgan qulayliklar va kelgusidagi rejalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Vazir litseyda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qishga qabul qilingan yoshlarni bilimli bo‘lishi uchun qanday jihatlarga e’tibor qaratish kerakligi yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Akbar Toshqulov ushbu o‘quv dargohida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar bilan muloqotga kirishib, ularning taklif-mulohazalarini tingladi. Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlardan oqilona foydalangan xolda ertamiz egalarini zakovatli, yetuk shaxs bo‘lishida malakali o‘qituvchi-pedagoglarni o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi.

Akademik litsey faoliyati hamda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirish jarayonida o‘quvchilarga yanada chuqur ilm egallashlariga ko‘maklashishga xizmat qiladigan yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi. 

Adliya vaziri Namangan shahridagi Dashtbog‘ mahallasida ham bo‘ldi. Dashtbog‘liklar tadbirkorlik va ma’murchilik borasida viloyatdagi mahallalar orasida ildamlab ketgan. Mavjud 703 xonadonda 5 mingdan ziyod aholining aksariyati mahalladagi kichik sanoat zonasida mehnat qiladi. Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida mazkur mahallada 400ga yaqin huquqiy muammolar aniqlanib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rilgan. 

“Mahalla yettiligi” bilan muloqot olib borgan Akbar Toshqulov aholining huquqiy muammolarini bartaraf etish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha muhokama etdi. 

Xususan, shahar adliya bo‘limi rahbari joriy yilning yanvar-iyul oylarida yettita mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan muammolar, “Onlayn mahalla”, “Huquqiy mahalla”, “Adliya mahalla” platformalariga kiritilib hal etilgan murojaatlar haqida taqdimot o‘tkazdi. Adliya vaziri, “Uyma-uy” o‘rganishlarda har bir jihatga alohida e’tibor qaratish, aniqlangan muammo va masalalarni tegishliligi bo‘yicha hal etishga ko‘maklashish zarurligini aytdi. 

Adliya vaziri Davlatobod tumanida yaqinda barpo etilib, foydalanishga topshirilgan viloyat davlat arxivida bo‘lib, binoda aholiga arxiv sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati, davlat arxivining moddiy texnik bazasi, hujjatlarning saqlanish holati, mavjud arxiv hujjatlarini raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishib, mavjud muammolarni o‘rgandi.

Arxiv xodimlari bilan suhbatda, sohani yanada takomillashtirish, hujjatlarni saqlash va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish kerakligi qayd etildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.