French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri biznes vakillaridan 150 ga yaqin murojaatni qabul qildi
12:48 / 2019-11-20

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligida Respublika ishchi guruhi tadbirkorlik sub’ektlari bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.


Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligida Respublika ishchi guruhi tadbirkorlik sub’ektlari bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Navbatdagi uchrashuv Sirdaryo viloyatida bo‘ldi.

Sayyor qabulda Guliston shahri (Guliston, Yangier, Shirin shaharlari, Boyovut, Xovos)hamda Sirdaryo (Sirdaryo, Sayxunobod, Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod) tumanida tashkil etilgan sayyor qabullarda 600 nafardan ziyod tadbirkor ishtirok etdi.

“Adliya tadbirkorga do‘st” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirlarda Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning muammolari joyida o‘rganilib, hal etilishiga ko‘maklashishga e’tibor berildi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda biznes vakillaridan 150 ga yaqin murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning aksariyati yer hamda imtiyozli kredit ajratish, buzilgan bino va inshootlari uchun kompensatsiya mablag‘larini undirish masalasida bo‘ldi. Ularning 70 foizi tegishli tashkilotlar bilan birga joyida ko‘rib chiqildi va hal etildi. Hal etilishi muddati belgilangan murojaatlar nazoratga olindi. Ishtirokchilarning ayrimlariga huquqiy tushuntirishlar berildi.

– Men Guliston tumani Ishonch mahallasida qolipli non ishlab chiqarish oilaviy korxonasini ochgan edim, – deydi Hafiza Rahimova. - Elektrning ogohlantirishsiz tez-tez o‘chirilishi tufayli zarar ko‘rdim. Qolaversa, o‘z vaqtida soliq to‘laganimga qaramasdan tuman davlat soliq idorasi tomonidan doim bankdagi hisob raqamim muzlatib qo‘yilmoqda. Rosti, keyingi vaqtda oilaviy korxonamni yopsammikin, degan fikrga keldim.

Uchrashuvda Hafiza Rahimovaning birinchi muammosi viloyat, tuman elektr tarmoqlari bilan muhokama qilindi. Ogohlantirishsiz korxonani elektr tarmog‘idan uzib qo‘yishgani uchun sudga ariza bilan murojaat qilishini, bunda aybdor tomonidan keltirilgan zararni undirish mumkinligi tushuntirildi.

Hafiza opaning ikkinchi muammosi viloyat hamda tuman davlat soliq idoralari rahbarlari bilan muhokama qilinib,tadbirkorning qarzi bo‘lsa, tushuntirish, qaerda xatoga yo‘l qo‘yayotganligini ko‘rsatish, qarzi mavjud bo‘lmasa-yu, arzimagan sabab bilan yuqoridagi holat takrorlanayotgan bo‘lsa, tadbirkorning faoliyatiga to‘siq qo‘yish hisoblanib, soliq idorasi xodimiga nisbatan jazo choralarini qo‘llanilishi aytildi.

Sayxunobodlik tadbirkor Dilfuza Ortiqova ham qatnashib, uni qiynayotgan masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy klinikasiga tibbiyot uskunalari olib kirish uchun bankdan 130 ming dollar 9 foizli kredit so‘ragan, ammo bank buni rad etgan.

Bu borada ishchi guruhi mavjud holatni o‘rganib, tegishli tashkilotlarga uni hal etish yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Xovoslik yosh tadbirkor Jasurbek Bayzoqovo‘z mablag‘lari hisobidan zamonaviy minifutbol maydonchasi qurgan, ammo oxirigacha bitkazish va jihozlash uchun imtiyozli kredit olishda muammoga duch kelgan. U o‘z loyihasini“Obod qishloq“ Davlat dasturiga kiritishlarini ham so‘radi.Shu bilan birga, Jasurbek undan nohaq, boshqa hududlarga qaraganda 2,5 barobar ko‘p soliq undirilayotganidan noroziligini bildirdi.

Ushbu muammo shu yerda o‘rganilib, viloyat davlat soliq boshqarmasiga hal etishga qaratilgan vazifa belgilandi.

– Imtiyozli kredit bo‘yicha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Yuldashev yordam beradigan bo‘ldi, hokimiyat tomonidan garov kafolatlanadigan bo‘ldi, – deydi J.Bayzoqov.
Bu kabi ijobiy hal etilgan masalalarni ko‘plab keltirish mumkin. Ta’kidlash joizki, o‘tkazilayotgan tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarini aniqlash va ularni hal etishga qaratildi.