Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri: “Aziz ustozlarning mashaqqatli mehnatini doimo qadrlayman”
09:00 / 2019-10-01

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri.Ruslanbek Davletov 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimizdagi ustozlarni muborakbod etgan holda, oʻz bolalik xotiralari bilan oʻrtoqlashdi...


Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri.Ruslanbek Davletov 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimizdagi ustozlarni muborakbod etgan holda, oʻz bolalik xotiralari bilan oʻrtoqlashdi...


— Ilk maktabga borgan kuningiz va birinchi ustozingizni koʻrganingizdagi hayajoningiz qanday boʻlgan?

— Men ham bolalarcha juda shoʻx, toʻpolonchi, bebosh edim. Sinfdosh qizlarni koʻp xafa qilardim. Maktabga borgan birinchi kunimni yaxshi xotirlayman. Menga shu kuni maktab eshigi emas, balki yangi bir olamning eshiklari ochilgandi. Maktabimiz oʻzim tugʻilib oʻsgan Shovot tumanidan uch kilometr olisda, Turkmaniston bilan chegara boʻlgan hududdagi 31-son maktab edi. Birinchi ustozim, bizga ilk harf tanitgan inson Xonimjon opani koʻp eslayman. Bizga hayotda ilk bilim berib, hayotiy tasavvurimizni boyitgan inson sifatida qadrlayman birinchi ustozimni.

— Birinchi oʻqituvchingiz sizning bola tasavvuringizni qanday fazilatlari bilan oʻziga rom etgan?

— Mening hayotimda juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan oʻqituvchilarimni hurmat bilan eslayman doim. Bularning biri birinchi ustozim boʻlsa, keyingisi rus tili oʻqituvchimiz boʻladi. Bu inson ham kuchli pedagog boʻlgan. Hozirgacha Xorazmga borganimda ularni yoʻqlab turaman. Bu inson menga rus tilida ravon gapirishga, grammatikasini oʻrganishimga katta yordam bergan. Shuningdek, fransuz tilidan dars bergan ustozimni ham yaxshi eslayman. Afsuski, hozirda ustozim hayot emas, lekin haqiqiy oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan.

— Shaxsning qanday kamol topishi, hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlishi birinchi ustozga bogʻliqmi?

— Turtki boʻlishi mumkin. Lekin oʻylaymanki, birinchi ustoz hayotdagi hamma xulosalar, hamma qadamlarga ham taʼsir koʻrsatishi mumkin emas. Bu odamning oʻziga ham bogʻliq. Chunki hayotda maktabdan keyin ham jiddiy bosqichlar bor. Masalan, mustaqil fikr shaklanadigan, katta hayotga kirib keladigan davr bu talabalik davri albatta. Maktabda odam jiddiy oʻylar bilan yurmaydi, baribir bolalikmi bolalik, oʻn sakkiz yoshgacha biz voyaga yetmagan hisoblanganimizdan bu davrda bilimga berilib, oʻynab-kulib, doʻstlar bir-biriga mehr qoʻyib shakllanadigan davr hisoblanadi. Hammaning hayotida ham birinchi ustozining taʼsiri har xil boʻladi. Mening huquqshunos boʻlishimda litseydagi oʻqituvchilarimning taʼsir katta boʻlgan.

— Ustozlarga tilaklaringiz...

— Butun borligʻini, mehrini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati hamisha yuksak baholarga munosibdir. Soʻnggi yillarda oʻqituvchilarning, murabbiylarning nufuzini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Soha qaddini rostlayapti. Davlat rahbari kuni kecha oʻqituvchi va murabbiylarga yoʻllagan tabrigida “Bizning barcha saʼy-harakatlarimiz “Oʻzbekistonda eng obroʻli inson muallim boʻlishi kerak” degan gʻoyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablagʻ, resurs va imkoniyatlar zarur boʻlsa, barchasini safarbar etamiz”, degan taʼkidida ham mazkur ezgu maqsad mujassam. Jamiyatimiz ravnaqini hech qachon tashqaridan kimdir kelib koʻtarib qoʻymaydi. Yurt ravnaqini oʻzimizning salohiyatli kadrlar yuksaltirishi mumkin. Bunday kadrlarni esa fidoyi, mahoratli, bilim bazasi kuchli boʻlgan ustozlargina shakllantira oladi.

Aziz ustozlar mashaqqatli mehnatingizni doimo qadrlayman. Shaxsan oʻzim hamda Adliya vazirligi jamoasi nomidan siz azizlarning kelajak egalari kamoloti yoʻlidagi buyuk xizmatlaringizga muvaffaqiyat tilayman.

Hamisha muhabbatimiz va hurmatimiz, ardogʻimizdasiz!