French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vaziri axboroti tinglandi
08:52 / 2020-12-12

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda adliya vazirining 2020 yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Majlisda Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, 2020 yil davomida vazirlikka davlat organlarining norma ijodkorligi faoliyati yo‘nalishida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 5 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihalari kelib tushgan. Ulardan 4 ming 700 dan ortig‘i huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va 350 ta loyiha o‘tkazilmasdan qaytarilgan.

Qonun hujjatlari vazirlik tomonidan “Ye-xat” dasturi orqali 140 dan ziyod davlat organlari va tashkilotlariga o‘z vaqtida yetkazilgan. Qolaversa, bugungi kunda vazirlik tomonidan “Normativ-huquqiy hujjatlarning davlat hisobi va tarqatilishi” axborot tizimi yaratilib, ushbu tizim orqali 600ga yaqin davlat organiga hamda ularning hududiy bo‘linmalariga elektron shaklda yuborilishi ta’minlangan.

Davlat organlarining huquqni qo‘llash amaliyoti borasida 2020 yilning to‘qqiz oyi davomida 19 ta sohada huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan. Natijada 14 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari va 13 ta tahliliy ma’lumotnoma tegishli tartibda hukumatga kiritilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida o‘z yechimini kutayotgan muammolar va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurati ta’kidlandi.

Jumladan, mamlakatimizda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llashga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlar ko‘zga tashlanmayapti. Qolaversa, asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va eskirgan mexanizmlarni bartaraf etish hisobiga aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Yig‘ilishda normativ-huquqiy hujjat loyihasini kelishib olish va jamoatchilik muhokamasi bosqichlarida muammoni hal etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni prognoz qilish, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun foyda va xarajatlarni baholashga oid tahliliy hujjatlar bilan ta’minlash amaliyotini rivojlantirish zarurligi aytib o‘tildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qarorlarini bekor qilish va qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari”ni tayyorlashni tezlashtirish zarurligi qayd etildi. Respublika va mahalliy hokimiyat darajasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning uzviy bog‘liqligini ta’minlash dolzarb masala ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa davlat idoralarining huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotlari eshitilib, tanqidiy muhokama qilindi. Senatorlar tomonidan 9 ta davlat organining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotini hududlar va sohalar bo‘yicha kompleks tahlil qilish, bunda uslubiy ko‘mak ko‘rsatish orqali mazkur soha samaradorligini oshirish choralariga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Yana bir muhim jihat. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta’sirini baholashda jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu jarayonda ishtirokini yanada faollashtirish uchun normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasini jonli muhokama qilish amaliyotini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Adliya vazirligiga davlat boshqaruvi organlari va idoralari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganishni rejalashtirish chog‘ida fuqarolar murojaatlarini hisobga olish zarurligi tavsiya etildi.

Shuningdek, majlisda davlat organlari tomonidan huquqni qo‘llash amaliyotining innovatsion usullari, shu jumladan, veb-texnologiyalardan yetarli foydalanilmaganligi tanqid qilindi va bu borada tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA