Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Adliya sayli”da murojaatlarga yechim topildi
14:41 / 2022-08-10

Navoiy viloyat adliya organlari tizimida o‘tkazilayotgan “Huquqiy targ‘ibot” haftaligi doirasida respublika Ishchi guruhi viloyatga tashrif buyurdi.

Ular aholining huquqiy savodxonligini yanada yuksaltirish, huquqiy targ‘ibot tadbirlari samaradorlik darajasi, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan  yaqindan tanishmoqda.

Haftalik doirasida Ishchi guruhi a’zolari viloyatning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashib, sayyor qabul, huquqiy aksiya, amaliy seminarlar, “Adliya sayli” singari tadbirlarda ishtirok etadi va ularni qiziqtiradigan murojaat va takliflarni o‘rganadi.

Shunday tadbirlardan biri Karmana tumani markazidagi Alisher Navoiy bog‘ida o‘tkazildi. “Adliya sayli”da ishtirok Adliya vazirligi vakillari, adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO idorasi mas’ullari tomonidan fuqarolarning 50dan ortiq murojaatlari qabul qilinib, huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, elektron imzo olish, tadbirkorlik sub’ekti ochish, farzandini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga elektron navbatga qo‘yish istagi bilan kelganlar uchun 20dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

– bugungi “Adliya sayli” tom ma’noda xalq sayliga aylandi, – deydi Mirsaid Bahrom mahallasi hokim yordamchisi Behzod Savurov. – Bir tomonda sport o‘yinlari, bir tomonda bolalar uchun o‘yingoh. Turli jamoalarning badiiy chiqishlari yurtdoshlarimizga ko‘tarinkilik ulashyapti. Ko‘pchilik oilasi bilan tashrif buyurgan. Bu yerda hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar mavjud. Eng muhimi, dam olaman, deb kelgan fuqarolar qaysidir yo‘nalishda huquqiy masalasini ham hal etib ketmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlar, jumladan, “Sirdoshim”, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, milliy madaniy markazlar, madaniyat va san’at xodimlarining ko‘rgazmali va badiiy chiqishlari tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA