Namangan viloyatining Chust tumanida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Qonun ustuvorligi – inson qadrini ulug‘lashning eng muhim sharti” shiori ostida adliya sayli o‘tkazildi.
Aholi bilan yaqindan muloqot qilish, fuqarolarga huquqiy maslahatlar berish, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilishga qaratilgan sayillar “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” shiori ostidagi marafon bilan boshlandi.
Tuman madaniyat bo‘limi va viloyat Tojik milliy madaniy markazi faollari ijrosidagi bayram dasturi, xonandalar, so‘z ustalari, raqqosalar, milliy cholg‘u asboblari ustalarining chiqishlari namoyish etildi. Tadbir davomida “Sayyor qabul” tashkil etilib, “Sayyor xizmat” o‘tkazildi. Fuqarolarning bandlik, sog‘liqni saqlash tizimiga doir, kredit, uy-joy ta’minoti, tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratish, aliment kabi muhim masalalar yuzasidan murojaatlariga tegishli davlat muassasalari, xususan, adliya idoralari, FHDYO, notariuslar, advokatlar tomonidan huquqiy ko‘mak va maslahatlar berildi. Jami kelib tushgan 300 ga yaqin murojaatning 200 ga yaqiniga huquqiy tushuntirishlar berilib, qolgan murojaatlar qonuniy hal etish maqsadida nazoratga olindi.
Chust tumani davlat xizmatlari markazi xodimlari esa aholiga sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatdi. Adliya boshqarmasi aralashuvi bilan ikki nafar bola tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega bo‘ldi. Sayil davomida yuridik, badiiy kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi. Shuningdek, milliy hunarmandlar, tadbirkor va fermerlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yarmarkasi ham bo‘lib o‘tdi. Namangan yuridik texnikumi va Yoshlar ittifoqi tuman kengashi sardorlaridan iborat ko‘ngillilar guruhi tomonidan o‘tkazilgan interaktiv mashg‘ulotlar va treningda ishtirokchilarning huquqiy savodxonligni aniqlovchi tezkor test sinovlari o‘tkazildi. Unda qatnashgan faol va bilimdon yoshlar taqdirlandi.
– Huquqiy tadbir biz, yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi talaba yoshlardan biri Ro‘zaxon Maqsudova. – Men qatori o‘nlab tengdoshlarim viktorina tanlovida ishtirok etib ko‘pgina zaruriy huquqiy bilimlar oldik. “Biz birgamiz” aksiyasi doirasida nogironligi bor fuqarolarning qo‘l mehnati yordamida tayyorlangan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Oqilxon Dadaboyev,O‘zA