“Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin bo‘ldi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlar orqali “endi mashina boshqarayotganda ham telefondan foydalanish mumkin” yoki “rulda bo‘lgan holda telefonda gaplashishga ruxsat berildi” va shunga o‘xshash xabarlar tarqalmoqda.
Aslida qanday? Adliya vazirligi mutaxassislari bunga aniqlik kiritdi:
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga telefondan faqat “bluetooth”, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan vositalar orqali foydalanishga ruxsat berilmoqda. Bu telefondan foydalanishga yoki unda gaplashishga ruxsat berildi, degani emas.
Agarda haydovchilar rulda bo‘lgan vaqtida telefondan “bluetooth”siz, quloqchinsiz va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralarsiz foydalansa, javobgar bo‘ladi. Shuni unutmaslik lozim.
Shuningdek, qonun bilan mashina salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatishga ruxsat berildi, ya’ni buning uchun avval mavjud bo‘lgan javobgarlik olib tashlandi.
Unutmaslik kerakki, transport vositasini boshqarish paytida mashina salonining old qismidagi monitor (displey)da tele- yoki videodasturlarni tomosha qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-2 – moddasiga ko‘ra, BHMning bir baravari (hozirda 270 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Salonning old qismidagi monitor (displey)dan yo‘nalishni aniqlash yoki uzoq manzilni yaqin qilish maqsadida “GPS” qurilma sifatida foydalanish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA