2022 yil birinchi yarmida adliya idoralariga fuqarolar va yuridik shaxslardan 77,5 ming murojaat tushgan. Ularning 65 mingdan ziyodi qonuniy hal etilgan.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralarga 27,5 mingdan ortiq taqdimnoma kiritilgan. Natijada 5 ming 485 nafar shaxs ma’muriy, 14 ming 775 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 300 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Sudlarga 192,6 milliard so‘mlik qariyb 16 ming da’vo arizasi kiritilgan. Shundan 15 ming 768 ariza (177,2 milliard so‘mlik) qanoatlantirilgan.
Bu raqamlar Adliya vazirligida joriy yil birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan hay’at majlisida qayd etildi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshqargan majlisda tizimda mehnat qilayotgan barcha xodimlar (hududiy boshqarma va bo‘limlar - onlayn) ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Adliya vazirligi tashabbusi bilan 126 normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqildi. Mingdan ziyod qonun hujjati loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. 123 idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Aholining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha 272 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. 5,5 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Hay’at majlisida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ayrim mas’ul xodimlar bildirilgan e’tirozlardan to‘g‘ri va tegishli xulosa chiqarmayotgani tanqid qilindi.
Hududiy adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Surxondaryo va Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshliqlarining hisoboti tinglandi.
Yig‘ilish yakunida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, bunda har bir tizim rahbarlari va mas’ul xodimlarning faolligini oshirish, ma’suliyatni kuchaytirish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
Masofaviy xizmat ko‘rsatishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Davlat xizmatlari markazlari va notariuslarga tashrif buyuruvchi fuqarolar o‘rtasida “Mobile ID” tizimini keng targ‘ib qilish hamda imkon qadar ko‘proq fuqarolarni mazkur tizim orqali ro‘yxatga olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Qonuniylik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida “E-huquqshunos” tizimida qabul qilingan hujjatlarni bekor qilinganligi yoki haqiqiy emas deb topilgani sabablari va asoslari ko‘rsatilgan holda (lex.uz tizimi kabi) alohida belgilash va barcha uchun ko‘rish tartibini joriy qilish topshirildi.
Adliya organlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan boshqa vazifalar, ularni amalga oshirish uchun zaruriy chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA