Adliya organlarida yettita diniy tashkilot davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
Jamiyatimizda oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik qaror topgan.
Jamiyatimizda oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik qaror topgan. Buni dinlararo, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikda yaqqol koʻrish mumkin.
Bu davlat turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, har xil eʼtiqodlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga sharoit yaratgani natijasi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 16 konfessiyaga oid 2 ming 286 diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ulardan 2 ming 98 tasi islomiy hamda 188 tasi boshqa dinlarga mansub tashkilotlardir.
2020-yilning oʻtgan davri mobaynida adliya organlariga turli diniy tashkilotlardan davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida murojaatlar tushgan.
Shu asosda joriy yil 15-iyulda Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanida “Imom Rabboniy” jomeʼ masjidi, 12-avgust kuni Olmaliq shahrida “Hilol” jomeʼ masjidi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Oʻz navbatida, 6-iyulda Toshkent shahar “Agape” toʻliq injil xristianlari cherkovi; 20-iyulda Fargʻona shahar “Novoapostol” cherkovi; 7-avgustda Samarqand shahar “Yettinchi kun xristian adventistlar cherkovi”; 10-avgustda Nukus shahar “Nadejda” toʻliq injil xristianlari cherkovi; 2-avgustda Olmaliq shahar “Sol zemli” Yevangel-xristian cherkovi davlat roʻyxatiga olindi.