Adliya organlari murojaatlarni o‘z vaqtida qonuniy hal etishga mas’uldir
Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay’at majlisi o‘tkazildi.
Adliya vazirligining navbatdagi kengaytirilgan hay’at majlisi o‘tkazildi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshqargan majlisda adliya organlari va muassasalari tomonidan qonun ijodkorligi, huquqni qo‘llash, yuridik ta’lim sohasida 2019 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda adliya organlari va muassasalarining barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, vazirlik tashabbusi bilan 186 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. 1 ming 907 qonun hujjati loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. 439 idoraviy normativ-huquqiy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Vazirlik tizimining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, ularda ko‘tarilgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topishdir.
Kelib tushgan jami 82 ming 300 dan ortiq murojaatning qariyb 66 ming 500 dan ortig‘i, ya’ni 80 foizi qonuniy hal etildi.
Aholi muammolarini aniqlash, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida adliya bo‘limlari tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda shaxsiy va sayyor qabullar tashkil etilmoqda. Bu jarayonda 24 mingdan ortiq murojaat qabul qilindi va ularning 90 foizi qonuniy hal etildi.
Adliya organlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 15 mingdan ortiq taqdimnoma kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarga jami 16 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘i undirib berildi. 4 mingdan ortiq shaxs ma’muriy javobgarlikka, 8 mingdan ortig‘i intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 351 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Kiritilgan taqdimnomalarga asosan mansabdor shaxslar noqonuniy 135 hujjatining ijrosi to‘xtatildi, 1,5 mingdan ziyodi bekor qilindi.
Sudlarga 148 milliard so‘mlik da’volar kiritilib, hozirga qadar 94 milliard so‘mlik 10 mingga yaqin da’vo qanoatlantirildi. Fuqarolarga 238 million so‘m ma’naviy zarar undirib berildi.
Aholining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha 269 mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 baravar ko‘pdir.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 9 millionga yaqin xizmat ko‘rsatildi. Bu raqam o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,3 baravarga ortgan.
Davlat notarial idoralari tomonidan 3 milliondan ortiq notarial harakat rasmiylashtirildi.
Majlis davomida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bir qatorda soha faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan tizimli xato va kamchiliklar, muammoli masalalar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari haqida ham so‘z bordi.
Xususan, ba’zi murojaatlar yuzaki o‘rganilganligi, uy-joylari buzilgan fuqarolarga kompensatsiya pullarini undirib berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagani, adliya bo‘limlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati ustidan tizimli nazorat o‘rnatilmagani, hududlarga biriktirilgan mas’ullarning beparvoligi oqibatida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotgani tanqid qilindi.
Murojaatlar bilan ishlashda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklashga alohida e’tibor qaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Tuman (shahar) adliya bo‘limlari boshliqlari har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashlariga norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati bo‘yicha axborot taqdim etib borishi, bunda o‘sha hududdagi huquqiy muammolarni hal etish yuzasidan vazifalarni qo‘yishga doir topshiriqlar berildi.
Adliya vazirligi yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. Shundan kelib chiqib ularning faoliyatini to‘g‘ri amalga oshirishi uchun amaliy yordam berib borish bo‘yicha alohida ko‘rsatma berildi.
Bundan tashqari, notarial harakatlarni amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilandi.
Ma’lumki, adliya tizimida korrupsiyaga qarshi keskin kurash boshlangan. Shu sababli korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ravishda choralar ko‘rib kelinmoqda. Tadbirda kayd etilishicha, notarial idoralarda ishlayotgan xodimlar bundan o‘zlariga tegishli xulosa chiqarmayotgani aytildi. Bu yo‘nalishda vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamda “Ochiq adliya” dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash va ularni amalga oshirishga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi qayd etildi.
Majlisda, shuningdek, yuridik kollejlarda o‘quv jarayonlarini tubdan yaxshilash, dars jarayonlari sifatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatida tashabbuskorlik mavjud emasligi aytildi. Markazda innovatsion yondashuv asosida strategik tahlil, boshqaruvda menejment, chet tillari va informatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil etish lozim.