Munosabat
Prezidentimizning Oliy Majlis va yurtdoshlarimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida 6 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab oldi. Xususan, oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi hamda adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Davlat rahbari tomonidan bildirilgan ushbu strategik vazifalar, ayniqsa, adliya organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, huquqiy xizmatlar sifatini oshirish va aholiga xizmat qilishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, 2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi va barcha davlat organlarining minglab xizmatlari hamda funksiyalari Yagona raqamli platformaga birlashtiriladi. Bu jarayon adliya organlari uchun ham qator yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Jumladan, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yagona standartlar joriy etiladi, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari tezkor va samarali ko‘rib chiqiladi. Qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlik ta’minlanadi.
Murojaatnomada alohida keltirilganidek, yangi raqamli ekotizim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiya, ortiqcha byurokratiya va sun’iy to‘siqlardan xoli tizimni shakllantirishga xizmat qiladi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi ham bu yo‘nalishda, avvalo, huquqni qo‘llash amaliyotida shaffoflikni ta’minlash, xizmat ko‘rsatish jarayonlarida adolat va xolislikni kafolatlash, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni ustuvor vazifa deb biladi.
Shuningdek, Murojaatnomada davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Oddiy qilib aytganda, fuqaro bir xizmat uchun murojaat qilar ekan, unga bog‘liq boshqa masalalar ham avtomatik tarzda hal etiladi. Masalan, yangi uy qurgan fuqaro kadastr hujjatini rasmiylashtirishi bilan bir vaqtda suv, elektr va gaz tarmoqlariga ulanish masalalarini ham qo‘shimcha murojaatlarsiz hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2026 yilga qadar bunday jamlanma xizmatlar soni 100 taga yetkazilishi belgilangani adliya organlari oldiga katta vazifalar qo‘yadi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda raqamli davlat xizmatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlashda huquqiy nazoratni kuchaytirish borasida izchil ish olib boradi.
Adliya tizimi islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida “inson qadri – oliy qadriyat” tamoyili asosida ish yuritib, har bir fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan zamonaviy davlat boshqaruvi, raqamli adliya va korrupsiyadan xoli davlat xizmatlari tizimini shakllantirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi, tuman va shahar bo‘limlari xodimlari 2026 yilda ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashda barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etgan holda, davlat, jamiyat va aholi o‘rtasida mustahkam huquqiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.
Abdumutalib Dadajonov,
Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA.