Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya organlari hokimlarning qonunchilikka zid bo‘lgan besh mingdan ziyod qarorini aniqladi
08:08 / 2022-05-07

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Adliya vazirligiga qanday vazifalar yuklangan va ular qanday ijro etilmoqda?

- Davlat dasturining 59 bandida vazirlikka vazifa va tadbirlarni bajarish yuklatilgan, - deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva. - - Shundan 20 band bo‘yicha vazirlik asosiy ijrochi hisoblanadi. Joriy yil o‘tgan davrida vazirlik tomonidan 60 ta qonunchilik hujjatlari loyihalari ishlab chiqildi.

518 normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, shundan yarmidan ko‘piga ijobiy xulosa berildi. 131 loyiha qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi xulosalar bilan qaytarilgan.

Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun kelib tushgan qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganda, 163 loyihaga checklist ilova qilinmaganligi, 74 loyihada 122 korrupsiyaviy omil borligi aniqlandi.

Murojaatlar bilan ishlash va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida vazirlikka 40 mingdan ortiq murojaat tushgan. Ularning yarmidan ko‘pi qanoatlantirildi. Qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi va taalluqliligi bo‘yicha yuborildi.

Vazirlikning “1008 – ishonch telefoni”ga 18 mingga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Ularning aksariyatiga malakali mutaxassislar tomonidan tegishli huquqiy maslahatlar berildi. 1,3 ming murojaat o‘rganish talab qilganligi sababli ijroga qaratilgan.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 13 ming 171 ta taqdimnoma kiritildi. Natijada 2,5 ming nafar shaxs ma’muriy, 6,7 ming nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 95 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Vazirlik tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 13 ming 171 taqdimnoma kiritildi. Sudlarga 102,6 mlrd. so‘mlik 9 mingdan ziyod da’volar kiritilib, 89,2 mlrd so‘mlik qariyb 8,5 ming da’vo qanoatlantirildi.

Adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida jami 5 ming 112 qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lgan hokim qarorlari qabul qilingani aniqlandi. Kiritilgan ta’sir choralariga asosan 2 ming 192 qaror bekor qilindi. 2 ming 303 tasiga kelgusida bunday qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik belgilandi. 617 qarorni bekor qildirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlat xizmatlari sohasida 8 ta yangi xizmat turi joriy qilinib, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlar soni 172 taga yetdi. Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO organlari orqali aholiga 3 millionga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Davlat xizmatlaridan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar soddalashtirilgan tartibda bir ish kuni ichida qaytarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 300 dan ortiq xizmatni interaktiv shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Davlat xizmatlaridan eksterritoriallik tamoyili asosida foydalanish tartibi joriy qilindi. Davlat idoralari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlardan 35 hujjat (ma’lumotnomalar) talab qilinishi bekor qilindi.

Buning natijasida yiliga o‘rtacha 5 mln.dan ortiq fuqaroning ovora bo‘lishiga barham beriladi. Ularning 60 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i o‘zida qolishiga erishiladi.

Aholiga yengillik yaratish maqsadida ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun to‘lovlar bekor qilindi. Buning natijasida yiliga qariyb 7,6 milliard so‘m mablag‘lar aholining o‘zida qolishi ta’minlanadi.

Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan topshirilgan 3 ming 656 talabnoma qabul qilindi. Ushbu talabnomalar bo‘yicha davlat ekspertizalari amalga oshirilib, 2 ming 932 intellektual mulk ob’ekti davlat reyestrida ro‘yxatga olindi.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 152 mingdan ortiq manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

N.Abduraimova, O‘zA