Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya: mahalliy kengashlarning mingdan ortiq qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi
14:50 / 2024-04-02

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining umummajburiy tusdagi normativ hujjatlari, jumladan, yer munosabatlariga va ko‘chmas mulkni buzib tashlashga oid qarorlari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Shu yo‘nalishdagi ekspertiza natijalari qanday? Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lumot berdi:  

– Adliya organlari tomonidan mahalliy kengashlarning ushbu toifadagi qarorlari “E-qaror” elektron tizimi orqali huquqiy ekspertizadan o‘tkazib kelinmoqda.  

Xususan, 2023-yilda 34 mingdan ortiq qaror qabul qilingan bo‘lib, shundan mingdan ortiq qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun hududiy adliya organlariga taqdim etilgan bo‘lsa, 80 foiziga ijobiy xulosa berilgan.  

Joriy yilning I choragida mahalliy kengashlar tomonidan hududiy adliya organlariga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritilgan qarorlar loyihalari 400 ga yaqin bo‘lib, shundan yarmidan ortig‘iga ijobiy xulosa berilgan.  

Ta’kidlash joizki, huquqiy ekspertiza – qaror loyihasining  qonun hujjatlariga mosligi, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligi, shu jumladan, qaror loyihasida havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligini tekshirishdir.  

Ta’kidlash joizki, 2024-yil 2-fevralda davlatimiz rahbarining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.  

Farmonga muvofiq, mahalliy kengashlar deputatlari va kotibiyatlari xodimlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslari tashkil etilishida Adliya vazirligi ishtirok etmoqda.  

O‘quv kursining maqsadi mahalliy kengashlar deputatlari va kotibiyatlari xodimlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirishdir. Shu bilan birga, mahalliy kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga oid bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishdir.  

O‘quv kurslarida Adliya vazirligi tomonidan mahalliy kengashlar tomonidan qarorlar loyihalarini ishlab chiqishda huquqiy kolliziyalar, ya’ni ziddiyatlar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan omillarning oldini olish bo‘yicha huquqiy tushuntirish beriladi. Normativ tusdagi qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar beriladi.    

Farmon asosida Adliya vazirligi tomonidan mahalliy kengashlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha, ya’ni qonunchilik hujjatlari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA