Jizzax viloyati adliya boshqarmasining tashabbusi bilan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Press-turning dastlabki manzili Zomin tuman adliya bo‘limiga uyushtirildi
Tadbir ishtirokchilariga Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini hayotga tatbiq etilishi va bu borada Zomin tuman adliya bo‘limida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, farmonning mazmun-mohiyati, ushbu hujjatning tumandagi ijrosi, tuman adliya bo‘limining faoliyati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari orqali keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida ushbu tadbir tashkil etilganligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilarga tuman adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO, davlat xizmatlari markazi, “Madad” NNT faoliyati batafsil tushuntirib o‘tildi.

Farmonda belgilangan vazifalar “Mustaqillik” MFYda tashkil etilgan “Adliya kuni” tadbiri doirasida ko‘rsatib berildi. Sayyor qabul davomida murojaatlarning aksariyati joyida hal etilgani mazkur tadbirlarning samarasini yaqqol namoyon etdi. Shuningdek, tadbir doirasida tizim xodimlari bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda uyma-uy yurgan holda aholi muammolarini o‘rgandi, ularni imkon qadar joyida bartaraf etishga harakat qilindi, bundan tashqari, fuqarolarga bepul yuridik xizmat ham ko‘rsatildi.

– Aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish, muammolarini hal qilishda “fuqaro – mahalla – adliya” tizimi joriy etilgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bunyod Ikromov. – Bunda, aholining kundalik hayotidagi huquqiy muammolar “mahalla yettilik”lari orqali “Onlayn mahalla” platformasidan foydalanib, adliya organlariga yetkaziladi. Adliya organlari tomonidan esa mazkur muammolar yechimlari bo‘yicha huquqiy tadbirlar, qonunchilikka takliflar ishlab chiqiladi. Shu orqali “mahalla yettiligi”ga fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borishga ko‘maklashib boradi.

Qolaversa, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri bu huquqiy madaniyatning yuqoriligi hisoblanadi.
– Huquq insonni madaniylashtiradi va buning natijasida ijtimoiy barqarorlik kelib chiqadi, – deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinbayeva. – Ushbu farmon fuqarolarning huquq, erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda adliya organlari hamda muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan.

Tadbir ishtirokchilariga mahallaga o‘rnatilgan “Infokiosk” faoliyati ham tushuntirib o‘tildi. Bu ham fuqarolarning og‘irini yengil qilish uchun amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning yana bir ifodasi ekanligi ta’kidlandi.
– Yana bir qulaylik davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID tizimi joriy qilinishidir, – deydi Zomin tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Valijon Omonov. – Face-ID tizimi, ya’ni “Infokiosk” bu biror davlat xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lgan fuqaroni uning yuzidan tanib, u haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda aniqlaydigan tizim hisoblanadi.
Ilgari fuqarolar Davlat xizmatlari markaziga kelganda uning shaxsini aniqlash uchun pasport yoki ID-karta talab qilinardi. Endilikda, Face-ID tizimi joriy etilib, ushbu hujjatlarga ham zarurat bo‘lmaydi, tizimning o‘zi fuqaroning kimligini aniqlab zarur yordamni yozma ravishda chiqarib beradi. Shu hujjatga qarab, davlat xizmatchilari fuqarolarning talab, istak, ariza va shikoyatlarini qisqa fursatlarda hal qilib beradi.

Tadbir davomida turli tadbirlar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri