Buxoro viloyati Shofirkon tumani adliya bo‘limi tomonidan 2022 yil dekabr oyida tuman davlat o‘rmon xo‘jaligida ishlovchi 8 nafar fuqaroning 2021-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘rmon xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan qo‘shimcha ustama pullari to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaatlari o‘rganib chiqildi.
To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, tuman davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan fuqarolar D.Yuldiyev, J.Asomov, J.Qodirov, L.To‘xsanov, O.Ochilov, S.Rajabov, E.Kenjayev va N.Rajabovlar haqiqatdan ham tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limida bir necha yildan buyon ishlab kelayotgani aniqlangan. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘rmon xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining 7-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida” gi Nizomning 3-bob 5-bandida qat’iy belgilangan lavozim maoshiga qo‘shimcha to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 110 million 192 ming 833 so‘m ustama pullari to‘lanmagan.
– Mazkur qonun buzilish holatini bartaraf etish maqsadida 8 nafar fuqarolarning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi, – deydi Shofirkon tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi B.Saidov. – Sudning 2022 yil 27 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan mazkur da’vo arizasi qanoatlantirildi. O‘rmon xo‘jaligi xodimlariga ish staji uchun qat’iy belgilangan lavozim maoshiga qo‘shimcha to‘lanishi lozim bo‘lgan ustama pullari to‘landi. Murojaatchilarning huquqlari tiklandi.
Zarif Komilov,
O‘zA