Adliya idoralari tomonidan o‘zining bunyodkorlik salohiyati, obodonlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xalq farovonligini oshirishda katta hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining huquq-manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Erkinjon Isoqov Namangan viloyatining Chust tumanidagi ilg‘or tadbirkorlardan hisoblanadi. U hozirda 100 dan ziyod kishini ish bilan ta’minlagan. Tadbirkorlik faoliyati davomida tuman adliya bo‘limining huquqiy maslahat va ko‘maklaridan foydalanadi. Bu gal ham uning murojaati yuzasidan Chust tumanlararo iqtisodiy sudiga fuqaro manfaatini ko‘zlab da’vo arizasi kiritildi.
Tadbirkor murojaatida pudrat shartnomasiga asosan taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshirgan ishlar uchun Chust tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan to‘lab berilmagan jami 541 million 16 ming so‘m pulni undirib berish bayon etilgan.
– Albatta tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga avvalo ishchanlik muhitini yaratib berish darkor, – deydi Chust tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Azamat Jo‘rayev. – Agar uning faoliyatiga biror bir to‘sqinlik yoki turli byurokratik to‘siqlar bo‘lsa bu ishbilarmon soha vakillarining ish unumdorligiga salbiy ta’sir etadi. Tadbirkorning buzilgan huquqi tiklanishi ortidan uning hal bo‘lmayotgan muammosi yechim topishi bilan birga, yangidan-yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga zamin bo‘ladi.
Darhaqiqat, yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarda aholining murojaatlariga ijobiy yechim topish va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadi mujassam. Shunga hamohang Namangan viloyati adliya boshqarmasi va uning quyi tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar ham murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqib, ijobiy hal etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA