Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya ko‘magida qarzdorlik undirilishi belgilandi
10:15 / 2021-04-06

Buxoro viloyati Romitan tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “Samiyev Hojiakbar Nasriddin ogli” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari H.Samiyev Romitan tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.

Arizada keltirilishicha, “Samiyev Hojiakbar Nasriddin ogli” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi o‘rtasida 2020 yil 2 aprel kuni gul ko‘chatlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shartnomaga ko‘ra MCHJ tomonidan turli navli gul ko‘chatlari “Buyurtmachi” ya’ni shahar obodonlashtirish boshqarmasiga yetkazib berilgan. Biroq “Buyurtmachi” tomonidan bajarilgan xizmatlar uchun 1 milliard 872 million 761 ming 500 so‘m miqdoridagi qarzdorlik to‘lab berilmagan.

Tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan murojaat batafsil o‘rganib chiqildi. Tadbirkor tomonidan taqdim etilgan ishonchnoma va hisob varaq-faktura, solishtirma dalolatnomalarga hamda boshqa ma’lumotlarga asosan Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasining tadbirkor foydasiga 1 milliard 872 million 761 ming 500 so‘m qarzdorlik mavjudligi aniqlandi.

– Tomonlar o‘rtasida imzolangan shartnomaning 2.2 bandiga binoan “Buyurtmachi” yetkazib beriladigan tovar (mahsulot) uchun oldindan summaning 15 foizini to‘lab berishi, qolgan 85 foizini yakuniy to‘lov hisob-faktura (yoki ishlar bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat) taqdim qilingandan so‘ng amalga oshirishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan, – deydi Romitan tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Qodirov.  

Tuman adliya bo‘limi tomonidan tadbirkor manfaatiga javobgar Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasidan yetkazib berilgan tovar (maxsulot)lar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi. Sudning tegishli qaroriga binoan tadbirkor foydasiga jami 1 milliard 872 million 761 ming 500 so‘mlik qarzdorlik undirilishi belgilandi.

 

Zarif Komilov, O‘zA