Navoiy viloyatida adliya organlari tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaatini himoya qilish maqsadida sudga kiritilgan da’vo arizalari natijasida 150ga yaqin fermer xo‘jaliklariga 3 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirib berilishi belgilandi.
Adliya organlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida viloyatdagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari 2020 yilda “Navoiy agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatining tuman filiallari bilan shartnoma imzolagani ma’lum bo‘ldi. Hozirgi kunda mazkur tashkilot “Navbahor agrokimyohimoya” UK sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
- Shartnoma shartlariga ko‘ra, tashkilot qishloq xo‘jaligi korxonalariga mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy va biologik himoya qilish vositalari va boshqa kimyoviy mahsulotlarni yetkazib berish hamda agrokimyoviy xizmatlar ko‘rsatishi belgilangan, - deydi viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Dildora Kattayeva. - Biroq “Yetkazib beruvchi”lar shartnomada belgilangan majburiyatlarini hozirgi kunga qadar bajarmagan. Mazkur holat Navbahor, Qiziltepa, Karmana, Konimex va Xatirchi tumanlarida aniqlandi. “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda yuqorida ko‘rsatilgan shartnomada mahsulot yetkazib berish asossiz kechiktirilgan yoki to‘liq yetkazib berilmagan taqdirda “Yetkazib beruvchi” “Xo‘jalik”ka kechiktirilgan har bir kun uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida penya to‘lashi, biroq penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan mahsulot qiymatining 50 foizidan ortiq bo‘lmasligi belgilangan.
Natijada adliya organlari tomonidan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaati himoya qilingan holda sudga da’vo arizalari kiritildi. Birgina Navbahor tumanida 70 nafar fermer va dehqon xo‘jaliklari egalarining murojaati ijobiy hal etib berildi.
- Men ham yerim uchun ozuqaga pul to‘lab, mahsulotimni ham pulimni ham ololmagandim, - deydi Navbahor tumani “Akobir Qurbon orzusi” fermer xo‘jaligi rahbari Z.Ibragimov. - Dehqonning ishi oson emas, yerga mehnat ham mablag‘ ham yetarlicha sarflanishi kerak. Agarda o‘z vaqtida belgilangan o‘g‘it berilmasa ko‘zlangan hosilni olish qiyin. Endilikda oladigan pullarimizni keyingi agrotexnik tadbirlarga sarflaymiz.
Adliya organlari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlarga huquqiy jihatdan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA