Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi xodimlarining oylik maoshlari bilan bog‘liq muammolar ijobiy hal etildi.
Adliya vazirligi tomonidan Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi xodimlarining oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar o‘rganib chiqildi.
Natijasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasini tayyorlash zarurligi haqida Moliya vazirligiga taklif yuborilgan edi.
Taklif natijasida esa 2020 yil 27 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga asosan 2018 yil 2 iyuldagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror 2-ilovasining izohiga kiritilgan o‘zgartirishga binoan markaz xodimlari mehnatiga haq to‘lash yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 2 baravarga oshirilgan holda qo‘llanilishi hamda
2019 yilning 13 dekabridan boshlab qayta hisob-kitob qilinishi natijasida aniqlangan farq bo‘yicha to‘lovlar to‘lab berilishi belgilandi.
Vazirlikning Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi va hududiy adliya organlari tomonidan markazlarda ishlovchi xodimlarning oylik ish haqini qayta hisob-kitob qilinishi natijasida aniqlangan farq bo‘yicha to‘lovlarni qisqa muddatlarda to‘lab berilishi bo‘yicha monitoringlar o‘tkazildi.
Monitoring jarayonida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan vakolatli idoralarga 18 taqdimnoma kiritildi. Ularning ijrosi to‘liq ta’minlandi hamda bugungi kunda markazda ishlagan 1596 nafar fuqaroning 20,1 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi ish haqi to‘liq to‘lab berildi.
Sherali Suyunov,
Adliya vazirligi
Inson huquqlarini himoya
qilish boshqarmasi xodimi.
O‘zA