Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya ko‘magida 13,7 milliard so‘m ish haqi va boshqa to‘lovlar undirildi
11:29 / 2022-06-07

Adliya vazirligi tomonidan “Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o‘tkazildi.

Aksiya davomida olib borilgan o‘rganish va monitoring ishlari qanday natija berdi?  

- Avvalo, aksiya davomida soha xodimlarining huquqiy bilimi va madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi, - deydi Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva. – Targ‘ibot ishlari davomida soha xodimlari orasida turli seminar, trening va boshqa  tadbirlar o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab chiqishlar amalga oshirildi. Shuningdek, soha bo‘yicha adliya organlariga 7 ming 821 ta murojaat tushgan bo‘lsa, shundan 72,5 foizi qanoatlantirildi. Mingdan ziyodiga  huquqiy tushuntirish berildi hamda 51 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra vakolatli organlarga yuborildi.   

Vazirlik tomonidan sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlariga ish haqi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustama va kompensatsiyalarning to‘lanish holati monitoring o‘tkazish yo‘li bilan o‘rganildi. 

Natijada ish haqining belgilangan muddatda to‘lanmasligi 7,5 mingdan ziyod, ustamalarning to‘lanmasligi – 3,5 ming, foydalanilmagan ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lab berilmasligi – 318, xodimlarni mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga qabul qilish – 2,4 mingdan ortiq,  olis hududlarda ishlovchi oliy ma’lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining to‘lab berilmasligi – 315, birlamchi va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lishi – 90,5 ming, majburiy mehnatga jalb qilish - 19 va boshqa ko‘plab qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.   

Mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama to‘lash belgilangan. Ushbu tadbirni moliyalashtirish ijrochilarning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi lozim.  

Monitoring davomida esa Qo‘qon shahrida 30, Karmana tumanida 31, Kattaqo‘rg‘on tumanida 19, Qo‘rg‘ontepa tumanida 23, Sirdaryo viloyatida 25 nafar o‘qituvchiga ana shunday ustama to‘lovlari to‘lanmagan. 

Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi 27-son, 39-son va 40-son davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan hamda fanlar bo‘yicha asosiy olimpiadalarda respublika bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritgan 3 nafar pedagogga 2021 yil va 2022 yil yanvar-fevral oylari uchun jami 163 million so‘m ustama haqi to‘lab berilmagan. 

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining kamida S1 darajadagi xalqaro sertifikatini olish uchun imtihon topshirish bilan bog‘liq xarajatlari qoplab berilishi lozimligi belgilangan bo‘lsa-da, amaliyotda bu xarajatlar qoplab berilmagan. 

Prezident farmonlariga zid ravishda 315 holatda olis hududlarda ishlovchi oliy ma’lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullari ham to‘lab berilmagan. 

Adliya organlari tomonidan sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 2 mingga yaqin  taqdimnoma, 2,3 mingdan ziyod ogohnoma, 404 ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan 5 taklif hamda sudlarga 14,3 milliard so‘mlik 3,3 mingdan ortiq da’vo arizalari kiritildi. 

Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 13,7 milliard so‘m mablag‘lar (ish haqi, ustama va boshqa to‘lovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, mingdan ortiq hujjat bekor qilindi, 643 nafar shaxs intizomiy, 128 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birga, ishga qabul qilishda mehnat shartnomasi tuzilmagan 30 ming 89 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatildi. 

N.Abduraimova, O‘zA