Mamlakatimizning 208 tuman va shahrida davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. Ularning 202 tasi zamonaviy binolarda joylashgan bo‘lib, 84 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan. Tog‘li va olis hududlarda esa 138 filial faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 9 oyi davomida 19,7 milliondan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan deyarli 2,5 baravarga o‘sgan. Shuningdek, 896 mingdan ortiq sayyor xizmatlar aholiga yetkazilgan.
Adliya vazirligi tomonidan “Davlat xizmatlari sohasidagi so‘nggi yangiliklar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda gap bordi.

Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 43 markazda xizmatlar “oson”, “o‘rta” va “murakkab” toifalarga ajratilgan. Pensiya yoshidagi fuqarolar, homilador ayollar hamda 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan onalarga navbatsiz xizmat ko‘rsatiladi.
“Adliya QR” axborot tizimi joriy etilib, u orqali fuqarolar ariza topshirish, to‘lovlarni amalga oshirish, xizmat sifati va natijasini kuzatish imkoniyatiga ega.
Nazorat tadbirlari natijasida sohada qonun buzilishi holatlari 3 baravar kamaydi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar soni 900 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 30 turdagi hujjatlarni aholidan talab qilish amaliyoti esa bekor qilinadi.
Bundan tashqari, “Vakolat.uz”, “Litsenziya” va “Yagona darcha” tizimlari orqali xizmatlar to‘liq raqamlashtiriladi hamda sun’iy intellekt yordamida aholiga maslahat va koll-markaz xizmatlari ko‘rsatiladi.
N.Abduraimova, O‘zA