English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya idoralari xalqqa yanada yaqinlashadi
17:34 / 2024-06-13

Yangi farmon

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Adliya vazirligining qo‘shimcha yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Farmonda adliya organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish orqali jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadi ko‘zlangan. Endilikda adliya organlari aholini qiynayotgan huquqiy muammolarni aniqlab, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘radi. Bunda adliya organlarining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishi belgilandi. Jumladan, aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish, joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish, davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatib borish.

Qolaversa, quyi bo‘g‘in – adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifa yuklatildiki, ushbu vazifalardan ko‘zlangan eng asosiy maqsad joylarda aholi ko‘tarayotgan dolzarb muammolarni hal qilish, fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi, ularning huquqiy muammolarini mahallaning o‘zida hal qilish hamda aholiga, avvalambor ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash hisoblanadi. Tuman va shahar adliya bo‘limlari aholi muammolarini o‘rganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlari o‘tkazadi. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarini bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka doir takliflar ishlab chiqiladi. “Online-mahalla” platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolar hal etib boriladi. Aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi va ularga huquqiy tushuntirishlar beriladi. Yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilib boriladi. Tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatiladi.  

Yana bir e’tiborli jihat, farmonga muvofiq, 2024 yil 1 iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning yangi tartibi joriy qilinyapti. Jumladan, davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinib, aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi. Mazkur byuro nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi.

Qo‘shimcha qilish kerakki, vazirlik va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 4 ta malaka oshirish markazi birlashtirilib, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etilmoqda. Shuningdek, vazirlikning “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi negizida Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti tashkil etilmoqda. O‘rganishlar, tahlillar natijasida farmon bilan adliya organlari faoliyatida juda katta o‘zgarishlar, shuningdek, aholiga qo‘shimcha yengillik va qulayliklarni joriy etish nazarda tutildi. Xususan, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish borasida muammolarni hal qilishda “Fuqaro – mahalla – adliya” tizimi joriy etiladi. Bunda, aholining kundalik hayotidagi huquqiy muammolar “mahalla yettilik”lari orqali onlayn mahalla platformasidan foydalanib adliya organlariga yetkaziladi. Adliya organlari tomonidan esa mazkur muammolar yechimlari bo‘yicha huquqiy tadbirlar, qonunchilikka doir takliflar ishlab chiqiladi. Shu orqali “mahalla yettiligi”ga fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borishga ko‘maklashiladi.  Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida mahallalarda haftaning har chorshanba kuni “Huquqiy targ‘ibot kuni” etib belgilandi.  

Shuningdek, farmonga asosan maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitish tashkil qilinyapti. Bu orqali yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab chuqurroq o‘rgatish maqsadlari ko‘zda tutilgan. Misol uchun, maktablarda huquq sinflari tashkil etilishi, huquq olamiga sayohat o‘quv dasturlari joriy etilishi, elektron platforma orqali huquq fani o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy bilimlari oshirilishi hamda “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlari doirasida adliya organlariga yoshlarni olib borish imkoni yaratilayotgani yoshlarda turli salbiy omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.  

Shu bilan birga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri bu huquqiy madaniyatning yuqoriligi hisoblanadi. Umuman, huquq  odamni madaniylashtiradi. Buning natijasida ijtimoiy barqarorlik kelib chiqadi. Shu bois farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Farmon bilan markazlar orqali yana 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda va davlat xizmatlarining har bir mahalla va fuqaroning hayotiga yanada yaqinroq kirib borishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlarga ham agent sifatida 15 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.  

Yana bir qulaylik davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID tizimi joriy qilinishidir. Face-ID tizimi  bu biror davlat xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lgan fuqaroni uning yuzidan tanib, u haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda aniqlaydigan tizim hisoblanadi. Hozir fuqarolar xizmat olish uchun Davlat xizmatlari markaziga kelganda uning shaxsini aniqlash uchun pasport yoki ID-karta talab qilinadi. Endilikda, Face-ID tizimi joriy etilsa, ushbu hujjatlarga ham zarurat bo‘lmaydi, tizimning o‘zi fuqaroning kimligini aniqlab beradi.

Ushbu o‘zgarishlar, albatta, fuqarolarning vaqtini va mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.  

Muxtasar aytganda, mazkur farmon adliya organlarining ko‘proq odamlar orasida, mahallalarda bo‘lib, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarini birgalikda hal etishga ko‘maklashishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Nilufar Sattorova,

Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasining

huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi.

O‘zA