Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda shahar, tuman adliya bo‘limlariga kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi xalqimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.
Jumladan, Norin tumani adliya bo‘limiga “Inson huquqlari –oliy qadriyat” huquqiy aksiyasi doirasida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida “Norin paxta tozalash” hududiy aksiyadorlik jamiyatida mehnat qilayotgan 15 nafar xodimning ish haqlarini undirish masalasida murojaat kelib tushdi.
– Adliya idorasining bevosita aralashuvi va amaliy ko‘magi bilan mazkur jamiyatda ishlovchi ishchi-xodimlarning to‘lanmagan ish haqlarini undirishda fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudiga ariza kiritildi, – deydi Norin tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Eldorbek Abdurahmonov. – Natijada to‘lanmagan ish haqlarini undirish bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilib, 152 million 327 ming 678 so‘m ish haqlari undirib berildi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro M.K. tuman hokimining 2021 yil 25 iyundagi qaroridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati tuman adliya bo‘limi tomonidan atroflicha o‘rganildi. Aniqlanishicha, tuman hokimining qarori bilan 2019 yil 17 apreldagi “Shoxidon Burguti” va “Nitse Cherry” fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olish hamda yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan fuqaro M.K.ga yangi bog‘dorchilik tashkil etish uchun yer maydonlari ajratib berish to‘g‘risida”gi 852-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topilishi ko‘rsatilgan.
Chunonchi, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari uchun 50 va undan yuqori ball bonitetiga ega bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini ajratish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.
Adliya bo‘limi tomonidan tuman qishloq xo‘jalik bo‘limiga yuborilgan so‘rov xati yuzasidan taqdim etilgan ma’lumot va unga ilova qilingan hujjatlarda 2020 yil 1 sentyabrga qadar sug‘oriladigan yerlarning tuproq kartalarida 2011 yil foydalanishga kiritilgan tuproq kartalaridan foydalanib kelingani, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab, tuman hokimining qarori bilan O‘zbek davlat yer tuzish ilmiy loyihalash instituti “Andvilerloyiha” bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari tasdiqlanib, foydalanishga qabul qilinganligi ma’lum qilingan.
O‘rganish natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Namangan tumanlararo ma’muriy sudiga To‘raqo‘rg‘on tumani hokimining qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida kiritilgan ariza sud tomonidan ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.
Mingbuloq tumanidagi “Axsikent oil” MCHJ rahbari A.Sh. tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tizimidagi umumta’lim maktablariga ko‘rsatilgan transport xizmati uchun haqlarini ololmagani sababli adliya bo‘limiga murojaat etilgan.
O‘rganish davomida mazkur jamiyat bilan javobgar o‘rtasida 2022 yil 20 iyulda transport xizmati ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolangan. Ushbu kelishuv shartlari bo‘yicha “Axsikent oil” MCHJ tomonidan transport xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsada, xizmatlar uchun javobgar tomonidan to‘lovlar amalga oshirilmagan. Buning oqibatida 368 mln 492 ming 531 so‘m miqdorida qarzdorlik vujudga kelgan.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan “Axsikent oil” MCHJ manfaatlarini ko‘zlab, shu yilning 13 sentyabrida Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilib, u sud tomonidan qanoatlantirildi. Sudning hal qiluv qaroriga binoan qarzdor Mingbuloq tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan “Axsikent oil” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 368 mln 492 ming 531 so‘m undirish belgilandi.
Qayd etish joizki, Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlariga joriy yilning 9 oyi davomida jami 4 ming 913 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 3 ming 836 tasi hal etilib, 2030 tasi qanoatlantirilgan. Shuningdek, 1 ming 806 murojaatga huquqiy tushuntirish berilgan. Murojaatlarni hal etish natijasiga ko‘ra, fuqarolar hamda tadbikorlik sub’ektlari foydasiga jami 7 milliard 771 million so‘mdan ortiq pul mablag‘i undirilgan.
Darhaqiqat, davlat idoralari tomonidan mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan amaliy ishlar zamirida, avvalo, yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotdagi ifodasini aks ettirish, aholining murojaatlariga ijobiy yechim topish va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadi mujassamdir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri