Navoiy viloyati adliya boshqarmasida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tizimda mehnat qilib, ayni paytda nafaqada bo‘lgan faxriylar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
9 may. Bu kunda nafaqat oramizdan ketgan yurtdoshlarimiz xotirasi yodga olinadi, balki ayni paytda siz-u biz bilan yonma-yon yashab, umrguzaronlik qilayotgan vatandoshlarimizga ehtirom ko‘rsatilib, ular holidan xabar olinadi, ularning shonli mehnati e’tirof etiladi.
Navoiy viloyati adliya boshqarmasida ham bu qadriyat davom etmoqda. Tadbirda dastavval mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda o‘z mehnati va bilimi bilan faol ishtirok etgan va etayotgan tizim fidoyilari faoliyati, bugungi kunda qonunchilikdagi zamonaviy yondashuv, sharoitlarning xalqaro standartlarga moslashtirib borilayotgani, adliya organlari tizimida yo‘lga qo‘yilgan ustoz-shogird an’anasi haqida fikr almashildi.
Ta’kidlash kerak, adliya boshqarmasi huzurida tashkil etilgan Faxriylar kengashida 30 nafardan ortiq faxriylar bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Boshqarmada ular uchun alohida xona va faxriylar burchagi mavjud.
Hamrooy Ro‘ziqulova joriy yilda 87 bahorni qarshiladi. U 30 yil davomida Nurota tumanida Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limida mudira bo‘lib ishlagan. Ayni paytda ayaning 7 nafar farzandi, 50 dan ortiq nevara va evaralari bor.
– bugungi kunda ustozlar safida e’tirof etilayotganimdan nihoyatda xursandman, – deydi H.Ro‘ziqulova. – Huquqshunoslar inson qadrini ulug‘lash, doimo ularning manfaati birinchi o‘rinda ekanligini yodda tutishi lozim. Adliya bu adolat degani, ana shu ummonning bir tomchisi ekanligimdan faxrlanaman.
Uchrashuvda nafaqa gashtini surayotgan tizim fidoyilari yoshlarga o‘z hayotiy tajribalari, xotiralarini so‘zlab berib, e’tibor va ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi. Albatta, ularning hayot tajribasi yoshlar uchun ibrat. Shu bois ham ular doimo el ardog‘ida.
Tadbirda faxriylarga boshqarmaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA