Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish ishlarida adliya xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda quyi tizim xodimlari Guliston shahrining Mirzaobod tumani bilan chegaradosh 2 gektar yer maydonida “Adliya bog‘i”ga yangi nihollar o‘tqazdi.


–Hamjihatlikda hikmat ko‘p, – deydi Yangiyer shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Rustam Yulchirayev. – Tizim xodimlari, yoshlar, faxriylarning sa’y-harakati bilan nihollar ekildi. Bugun yerga qadalgan har bir nihol kun kelib, katta daraxtga aylangach, uning soyasi-yu mevasidan katta-yu kichik birdek bahramand bo‘ladi, olayotgan nafasimiz musaffoligi ta’minlanadi. Biz ham ana shu ezgu maqsad yo‘lida birlashdik.

Chindan ham, ushbu xayrli tashabbus ko‘ngildagidek bajarilishida birdamlik juda muhim. Adliya xodimlari ana shu yagona maqsad yo‘lida faollik ko‘rsatdi. Shu kuni “Adliya bog‘i”ga hashar yo‘li bilan 2000 ga yaqin mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.
Sh.Suyarov, O‘zA.