Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya: barcha hujjatlari yonib ketgan oilalar aniqlandi va ularga yordam ko‘rsatildi
14:23 / 2024-04-13

Samarqand va Toshkent viloyatlarida uyida sodir bo‘lgan yong‘in natijasida barcha hujjatlari yonib ketgan oilalar aniqlandi. Adliya organlari ularga tegishli hujjatlar rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatdi.

Masalan, Zangiota tumanidagi bir oilaga jami 8 hujjat, jumladan, 4 nafar farzandiga va ota-onaning o‘ziga tug‘ilganlik, nikoh, kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.

Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 20-yanvardan 1-aprelga qadar «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» huquqiy aksiyasida ana shunday xayrli ishlar amalga oshirildi. 

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev aksiyadan xalqimiz minnatdor bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. 

– Toshkent shahrida shunday holat bo‘ldiki, og‘ir kasal bo‘lgan bemor hujjati yo‘qligi sababli davolanish uchun xorijga chiqa olmagan. 2019-yilda tug‘ilgan O.A. onkologik kasallikka chalingan. Ota-onasi uni zudlik bilan xorijga davolatish uchun olib borishi kerak bo‘lgan paytda uning xorijga chiqish pasporti bo‘lmagan. Qiyin vaziyatda turgan oilaga adliya xodimlari zudlik bilan yordam ko‘rsatdi, ya’ni hujjat tezkor ravishda rasmiylashtirib berildi. 

Nurota tumanining olis Qizilcha qishlog‘ida istiqomat qilayotgan 94 yoshli onaxonning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega emasligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 1930-yil 1-iyulda tug‘ilgan, ammo hayot tashvishlari bilan bo‘lib, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olmagan.

Adliya va FHDYO bo‘limi xodimlari tomonidan tug‘ilganlik faktini belgilash yuzasidan sudga ariza kiritish orqali fuqaroning tug‘ilishi qayd etildi. Endilikda onaxonga shaxsini tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat va adliya xodimlarining sa’y-harakatlaridan minnatdor bo‘lgan onaxon bu kutilmagan holatdan ko‘zida sevinch yoshlari bilan duo qildi.

Bunday minnatdorlik misolini Farg‘ona tumani adliya bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning «Dehqonobod» mahallasida amalga oshirilgan xatlovlarda 1942-yilda tug‘ilgan Paxriddinov Uraim otaning tug‘ilishini qayd etishda ham ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, 1994-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan Husniddinning bugungi kunga qadar tug‘ilishi qayd etilmagani va oqibatda uning shaxsini tasdiqlovchi birorta ham hujjatga ega bo‘lmagani aniqlandi. Malakali mutaxassislar tomonidan holat o‘rganib chiqildi va bu yigitning 30 yoshida tug‘ilishi qayd etilib, unga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi ID-karta rasmiylashtirib berildi.

Navoiy viloyati mahallalarida o‘tkazilayotgan xatlovlar bilan cheklanib qolmasdan, jazoni ijro etish muassasalarida ham mahkumlarning hujjatlari mavjudligi holatlari o‘rganildi. 25 nafar mahkumga tug‘ilganlik haqida guvohnoma, 10 nafar mahkumga esa ID-karta rasmiylashtirildi. Hozirda ularning ayrimlarining nikohini ham qayd etib berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Aytib o‘tish kerakki, aksiya doirasida barcha tuman (shahar) va ulardagi chekka hududlarni qamrab olish maqsadida aniq rejali harakatlar amalga oshirildi.

Birinchi navbatda, hududiy, ya’ni viloyat darajasida hamda tuman va shaharlarda shtablar tashkil qilindi. Har bir hududiy shtablar tarkibiga vazirlik markaziy apparatining tarkibiy bo‘linma rahbarlaridan, shuningdek, tuman (shahar) shtablariga hududiy adliya organining bittadan xodimlari mas’ul etib belgilandi.

Ikkinchidan, mahallalar kesimida xatlov o‘tkazish reja grafiklari tasdiqlandi. Bunda, manfaatdor tashkilotlar va mahalla yettiligidan ixtiyoriylik asosida «yordamchi kuchlar» jalb qilindi.

Tuman (shahar) shtablarida ikki guruhga bo‘lingan holda ishlar tashkil etildi: birinchi guruh reja grafik asosida mahallalarni xatlovdan o‘tkazdi va tegishli shaxslar ro‘yxatini shakllantirdi. Ikkinchi guruh aksiya doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan shaxslarning murojaatini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Shuningdek, «1148» ishonch raqami va ijtimoiy tarmoqda yaratilgan maxsus bot orqali murojaatlar qabul qilindi.

Aksiya doirasida vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida Oliy sud, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xatlar kiritildi.

Masalan, Oliy sudga kiritilgan xatda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj ushbu qatlamiga bir martalik yordam ko‘rsatish maqsadida aksiya muddati davomida tug‘ilganlik faktini belgilash bo‘yicha adliya organlari tomonidan kiritilgan da’vo arizalarini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga ko‘rsatma berish so‘raldi.

Respublika miqyosida jami 9 ming 442 mahallada xatlov o‘tkazilib, 124 ming 99 nafar shaxsda tegishli hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi. Shundan 116 ming 415 tasi ijobiy hal etildi, qolgan holatlar o‘rganib chiqilmoqda. 

Jumladan, 1 ming 639 nafar shaxsning tug‘ilishi qayd etib berildi, 300 nafar shaxsning tug‘ilishini qayd etish uchun tug‘ilganlik faktini belgilash yuzasidan sudga ariza kiritildi. 11 ming 796 nafar shaxsga tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma berildi, ya’ni hujjatini yo‘qotib qo‘ygan fuqarolarga ular tiklab berildi. 

10 ming 314 nafar qonuniy nikohdan o‘tmasdan birga yashayotgan shaxslarning nikohi qayd etildi. 3 ming 246 nafar shaxsning o‘limi muddati o‘tib qayd etildi. 749 nafar shaxsning o‘lim faktini belgilash yuzasidan sudga ariza kiritildi, 4 ming 21 nafar shaxsning o‘limi haqida takroriy guvohnoma berildi. 

11 ming 357 nafar fuqaroga ID-karta rasmiylashtirildi. 29 ming 118 tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 15 ming 312 tadbirkorlik subyekti qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. 24 ming 480 ko‘chmas mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 123 ming 362 marta sayyor davlat xizmati ko‘rsatildi.

Huquqiy aksiya rasman to‘xtatilgan bo‘lsada, amalda har bir hududda, har bir mahallada, har bir muassasada davom etmoqda. Demak, hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi!

N.Abduraimova, O‘zA