Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Buxoro tumani “Kulonxona” mahalla fuqarolar yig‘ini, Kulonxona qishlog‘ida yashovchi fuqaro T.Tursunova hamda Peshku tumani, “Xo‘lbor” mahalla fuqarolar yig‘ini, Xo‘lbor qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.Jo‘rayevning elektron tanlovda g‘olib bo‘lib, yutib olgan yerlari o‘lchab berilmayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaatlari o‘rganildi.
Aniqlanishicha, 2022 yil 4 apreldagi Elektron onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi № 154-364572 bayonnomaga asosan Buxoro tumani “Kolonxona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan lot raqami 1591487 bo‘lgan 0,20 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonini ijara huquqi asosida T.Tursunovaning o‘g‘li H.Boltayev yutib olgan bo‘lsa-da, amalda “Buxvilerloyiha” Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan yer maydoni o‘lchab berilmagan.
–Xuddi shunday qonun buzilish holati fuqaro M.Jo‘rayevning elektron tanlovda yutib olgan yer maydoni bo‘yicha ham takrorlangan , – deydi Buxoro viloyati adliya boshqarmasining huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va metodik ta’minlash sho‘’basi boshlig‘i Anvar Rahmonov. – Viloyat adliya boshqarmasining qonuniy aralashuvi bilan ochiq elektron tanlov g‘oliblariga yer uchastkasining chegarasi joyida ko‘rsatib berildi. Bu haqida tegishli ma’lumotlar “E-IJARA” AT ga joylashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabrdagi 709-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy Reglamenti”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti uch ish kuni ichida ochiq elektron tanlov g‘olibiga yer uchastkasining chegarasini joyida ko‘rsatib beradi va bu haqida tegishli ma’lumotlarni “E-IJARA” AT ga joylashtiradi.
Zarif Komilov,
O‘zA