French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya aralashuvi bilan xodimning haqi undirib berildi
21:03 / 2026-02-07

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida adliya organlari tomonidan mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida navbatdagi amaliy choralar ko‘rildi.

Xususan, Sayxunobod tuman adliya bo‘limiga kelib tushgan murojaat asosida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimi I. N. ga taalluqli holat o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida mazkur tashkilotda 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan I.N. 2025 yilda xizmat vazifalarini sidqidildan bajargani va samarali mehnati uchun moddiy rag‘batlantirilishi belgilangani aniqlandi. Biroq tegishli buyruq elektron tizimda o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagani sababli xodimga rag‘batlantirish puli to‘lab berilmagani ma’lum bo‘ldi.

– Mehnat kodeksi talablariga muvofiq, ish beruvchi xodimga ish haqi va unga tenglashtirilgan barcha to‘lovlarni belgilangan muddatlarda to‘liq hajmda to‘lab berishi shart. Ish haqi yoki boshqa to‘lovlarni asossiz kechiktirish qonunchilikka zid hisoblanadi hamda bunday holatlarda kompensatsiya to‘lash majburiyati yuzaga keladi, – deydi Sayxunobod tuman adliya bo‘limining bosh maslahatchisi Begijon Hamdamov.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida tuman adliya bo‘limi tomonidan tashkilot rahbariyatiga taqdimnoma kiritildi. Natijada adliya organlari aralashuvi bilan xodimga o‘z vaqtida to‘lab berilmagan 3 million 813 ming so‘m miqdoridagi rag‘batlantirish puli undirib berildi.

– Asosiysi, tuman adliya bo‘limi tomonidan mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda, – deydi Begijon Hamdamov.

G‘ulom Primov, O‘zA