Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya aralashuvi bilan tadbirkorga 674 million kompensatsiya puli undirib beriladi
10:14 / 2022-09-03

Farg‘ona viloyati Rishton “Avtoshohbekat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. Gap shundaki, tuman hokimining 2019 yildagi qarori asosida Farg‘ona ko‘chasida joylashgan jamiyatga tegishli bino-inshootlar buzdirilgan. Shuningdek, “Avtoshohbekat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining huquqiy hujjatlariga asosan tashkilotga tegishli bo‘lgan 3 ming 957 m2 yer maydonidan 553 m2 qismi davlat extiyojlari uchun olingan. Biroq shu kunga qadar jamiyatga yetkazilgan jami 450 million so‘m zarar qoplanmagan. Bu ham yetmagandek, davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan 553 metr kvadrat yer maydoni umuman ajratib berilmagan. Xullas, qolgan ishga qor yoqqan.

Rishton tuman adliya bo‘limiga shu mazmundagi murojaatda 2019-2022 yillar davomida  yuz bergan inflyatsiya daromadlarini ham hisobga olib, jamiyatning buzilgan huquqlarini tiklab berilishida va zararni undirilishida amaliy ko‘mak  berishni so‘ragan.

Tuman adliya bo‘limi tomonidan Rishton “Avtoshohbekat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarining murojaati o‘rganilganida, haqiqatdan ham tuman hokimining 2019 yil 13 maydagi qarori bilan Rishton shahar, Farg‘ona ko‘chasi, 6-uyda joylashgan jamiyatiga tegishli bino-inshootlari  buzdirilganligi ayon bo‘ldi. 

Shu bilan birga, ushbu buzilgan bino-inshootlarga yetkazilgan zarar hamda yer uchastkasi evaziga mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari M.Dadayev bilan tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro og‘zaki kelishuv bilan 2 ming 942  kvadrat metr yer uchastkasi ajratib berish to‘g‘risida tuman hokimi qarori qabul qilingan. 

Lekin hozirgi kunda avtoshohbekat atrofida joylashgan turar va noturar binolar o‘z o‘rnida buzilmay qolganligi sababli tuman hokimining ushbu qarori ijrosi ta’minlanmagan. Boshqacha aytganda, “Avtosho bekat” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yer maydoni ajratib berilmagan. 

Rishton tumanlararo iqtisodiy sudiga tuman  adliya bo‘limi  tomonidan  ish yuzasidan da’vo arizasi kiritildi. Shunga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi  Rishton tuman hokimligidan mazkur jamiyat foydasiga buzilgan bino-inshootlari uchun  bozor bahosida  674 million 797 ming  so‘m  kompensatsiya puli undirish belgilandi.

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning shu davriga nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, inson huquqlarini himoya qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqa sohalarda qator nazorat tadbirlari va monitoringlar  tashkil etildi. Natijada 32  mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Ularni bartaraf etish maqsadida 3 ming 289 ta taqdimnoma kiritilib, buning natijasida jami 4 ming  840 ta hujjat bekor qilindi, 11 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Jismoniy va yuridik shaxslar manfaatini ta’minlash maqsadida sudlarga 975 ta da’vo arizasi kiritilgan.

 

M. Sulaymonov, O‘zA