Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya aralashuvi bilan tadbirkor huquqi tiklandi
05:58 / 2023-01-05

Mamlakatimizda jadal suratlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xalqning farovon turmushini ta’minlashdek ezgu harakatlar zamirida faol tadbirkorlar va ishbilarmonlarning hissasi katta. Ahamiyatli jihati shundaki, bugun ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Norin tumanining Haqqulobod shahridagi Yaydoq mahallasi, Muqimiy ko‘chasi 20-uyda yashovchi fuqaro Ravshan Yakubovning tuman markazida joylashgan buzilgan bino-inshooti uchun kompensatsiya pullari to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. Xususan, fuqaro o‘z murojaatida unga tegishli bo‘lgan Haqqulobod shahri markazidagi bino-inshootlar Norin tumani hokimligi tomonidan buzilgani, to‘rt sotix yer ajratib berilgani, biroq hozirga qadar bino-inshoot uchun kompensatsiya pullari berilmaganligini bayon etgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaroga buzilgan savdo do‘koni bino-inshootlari uchun hokimlik tomonidan R. Yakubov foydasiga 411 million 925 ming 528 so‘m miqdorida kompensatsiya puli to‘lab berilishi lozimligi aniqlandi. Shundan so‘ng, fuqaro manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. 412 millionga yaqin pul mablag‘ini undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qabul qilindi.

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA