Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya aralashuvi bilan asossiz olingan dars soatlari qaytarildi
13:37 / 2022-08-07

Qoraqalpog‘iston Respukblikasi Beruniy tumani adliya bo‘limiga fuqaro Z.M. murojaat qilib, tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 62-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati tomonidan dars soatlari olib qo‘yilganligidan noroziligini bildirgan.

– Murojaat tegishli tartibda o‘rganib chiqilganda, fuqaro Z.M. o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, 2007 yildan buyon shu maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelayotganligi aniqlandi, – deydi Beruniy tumani adliya bo‘limi boshlig‘i, 2-darajali yurist Saltanat Raimbekova. – 2021-2022 o‘quv yilida maktabda dars taqsimoti belgilangan tartibda pedagogik kengashda ko‘rib chiqilib, kengash qarori asosida maktab direktorining tegishli buyrug‘i bilan barcha o‘qituvchilarga tegishli dars soatlari, shu jumladan fuqaro Z.M.ga 2-sinfdagi uy sharoitida ta’lim olayotgan o‘quvchini o‘qitish uchun 8 soat dars taqsimlanganligi va tarifikatsiyadan o‘tkazilib, 2022 yilning 1 mart kuniga qadar o‘qitib kelingan.

2022 yilning fevral oyida shu maktabning boshqa bir o‘qituvchisi murojaati yuzasidan maktabda tekshirish o‘tkazilib, tekshirish natijasi bo‘yicha hech qanday ta’sir chora ko‘rilmagan bo‘lsa da, maktab direktorining buyrug‘i bilan fuqaro Z.M.dan 8 soat darsi asossiz ravishda olingan va xodim buyruq bilan tanishtirilmagan.

“Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 15-bandida, umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15 sentyabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi. Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin, deb ko‘rsatilgan.

Biroq ish beruvchi xodim Z.M.dan 8 soat darsini olishda ushbu tartibga rioya qilmagan ya’ni pedadagogik kengashda dars soatlarini qayta taqsimlash masalasi ko‘rib chiqilmagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 88-moddasiga ko‘ra, Mehnat shartlari deganda mehnat jarayonidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish omillarining jami tushuniladi. Ijtimoiy omillar jumlasiga mehnat haqi miqdori, ish vaqtining, ta’tilning muddati va boshqa shartlar kiradi. Mehnat shartlarini o‘zgartirish, ular qaysi tartibda belgilangan bo‘lsa, shunday tartibda amalga oshiriladi, deb belgilangan.

Lekin ish beruvchi tomonidan xodim Z.M.ning mehnat shartlari uning roziligisiz, ya’ni o‘zaro kelishuvsiz o‘zgartirilib, mehnat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Natijada murojaat egasining bir oy davomida majburiy bo‘sh yurib qolishiga olib kelgan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, tuman adliya bo‘limining taqdimnomasiga asosan, maktab direktorining 2 ta buyrug‘i bekor qilinib, fuqaro Z.M.ga asossiz olib qo‘yilgan 8 soat darsi qaytarib berildi. Shuningdek, sudga da’vo ariza kiritilishi natijasida sudning hal qiluv qaroriga asosan majburiy bo‘sh yurgan kunlari uchun 963 ming so‘m miqdorida ish haqi va ma’naviy zarar uchun 963 ming so‘m kompensatsiya undirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, mehnat qonunchiligini buzganligi uchun maktab direktoriga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 49-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA