Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya aralashgach tibbiyot xodimlariga to‘lanmagan mablag‘ to‘lab berildi
14:13 / 2021-02-14

Ijtimoiy tarmoqda Buxoro viloyati Endokrinologiya dispanseri tomonidan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jalb qilingan tibbiyot xodimlariga kunlik 6 foiz qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilmaganligi haqidagi xabar tarqaldi. Mazkur ma’lumot viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganildi.

–Viloyat Endokrinologiya dispanseri tomonidan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jalb qilingan 11 nafar tibbiyot xodimining oylik ish haqiga jami 7 million 996 ming 168 so‘m kunlik  foiz qo‘shimcha to‘lab berilmaganligi aniqlandi, –deydi viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Tuyg‘un Azimov.

Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilinishi belgilangan.

2020 yil 26 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan 2020 yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab berilishi ko‘rsatilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari, uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan viloyat Endokrinologiya dispanseriga taqdimnoma kiritilishi natijasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun jalb qilingan 11 nafar tibbiyot xodimiga jami 7 million 996 ming 168 so‘m kunlik 6 foizlik  qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lab berilishi ta’minlandi.

Zarif Komilov, O‘zA