Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adju universiteti talabalari Energetika vazirligi tashkilotlarida amaliyot o‘taydi
17:00 / 2022-06-28

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Koreya Respublikasining Toshkent shahridagi Adju universiteti o‘rtasida kadrlar tayyorlash sohasida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumida bu kabi bir qator masalalar qamrab olingan.

Vazirlik matbuot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, umumiy manfaatga doir masalalar yuzasidan ma’lumotlar, tajriba va amaliyot almashish, vazirlik va uning tizim tashkilotlarining mutaxassislarga bo‘lgan talabi asosida Adju universiteti bilan kelishilgan holda kadrlarni tayyorlashni bosqichma-bosqich joriy etadi. Universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni 2-kursdan boshlab vazirlik va uning tizim tashkilotlarida malakaviy amaliyot o‘tkaziladi hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qilinadi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur oliy o‘quv dargohi Prezidentimizning 2018 yil 30 noyabrdagi “Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Ikki tashkilot o‘rtasidagi imzolangan ushbu memorandum tomonlarni hamkorlik qilish bilan bir qatorda kelgusi rejalarni tuzishga ham imkoniyat yaratadi.

– Vazirlik tomonidan elektrotexnika va kompyuter injiniringi sohalarining istiqbolda kadrlar tayyorlashga buyurtmalar shakllantiriladi. Shuningdek, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malakaviy talablarni hamkorlikda ishlab chiqish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirish uchun hamkorlikda ilmiy maqolalar tayyorlash va ularni nashr qilish, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa turdagi tadbirlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot salohiyati va faoliyatidan unumli foydalangan holda ularni rivojlantirishga ko‘maklashiladi. Amaliy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ta’lim jarayoniga vazirlikning malakali mutaxassislari jalb qilinadi. Sohadagi eng so‘nggi nazariy bilim va o‘zgarishlar bilan o‘rtoqlashish maqsadida universitet professor-o‘qituvchilari vazirlikka jalb qilinadi.

Hamkorlikni rivojlantirib borish jarayonida iqtidorli va ijtimoiy-iqtisodiy yordamga muhtoj talabalarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi, – dedi energetika vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Elmira Bekmurodova. Ma’lumot o‘rnida, Adju universiteti Janubiy Koreyaning xususiy va yetakchi muhandislik universiteti hisoblanadi. Mazkur oliy o‘quv dargohi o‘zining innovatsion xalqaro dasturlari, shu jumladan, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro yozgi maktab, koreys tili dasturi va chet ellik talabalarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan. Universitet 200 ta mamlakatning 58 dan ortiq universiteti bilan hamkorlik qiladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA