Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adirlikda tutzor barpo qilgan bobo
21:18 / 2021-10-15

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 yanvardagi “Respublikada ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, respublikamizdagi hududiy «Agropilla» MCHJlarga tut urug‘lari va ko‘chatlarini tayyorlovchi xo‘jaliklarni tashkil etish uchun kamida 30 gektardan sug‘oriladigan yer maydoni ajratish belgilagan.

Shunga ko‘ra, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi tut urug‘i va ko‘chatchiligiga ixtisoslashgan "Ipak" fermer xo‘jaligi rahbari Abdulfattoh bobo Musulmonqulovga ham avval 28, keyinroq esa yana 2 gektar yer maydoni ajratib berildi. Ammo keyingi berilgan 2 gektar yer sho‘r, suv chiqmaydigan, ekin eksa unib chiqishi dargumon bo‘lgan adirliklardan iborat edi.

Abdulfattoh bobo farzandlari, shogirdlari va ishchilarini yoniga olib, avval yerni ekin ekishga tayyorladi. Keyin suv va o‘g‘itga to‘yintirdi hamda joriy yilning 13 fevralida 28 ming tup tut ko‘chatini ekib, parvarishladi.

“Qalovini topsang qor ham yonadi”, deganlaridek, bobo mehnatiga yarasha o‘z maqsadiga erishdi. Adirlikda gurkiragan tutzor barpo qildi.

Abdulfattoh bobo umr yo‘ldoshi Munavvarxon momo bilan 6 farzandni voyaga yetkazdi. Hozirda ular 15 nafar nevaraning sevimli bobo va buvisi. Ularga ham ko‘chatchilikning sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.

– Ko‘chatchilik bilan 20 yildan buyon shug‘ullanib kelaman, – deydi Abdulfattoh bobo. – To‘rt nafar o‘g‘lim ham shu sohada faoliyat yuritadi. Shu vaqtgacha Andijon va respublikamizning boshqa viloyatlarini tut ko‘chati bilan ta’minlab kelyapmiz. Yaqin 5 yildan buyon esa qo‘shni Qozog‘istonga ham eksport qilib kelyapmiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil bahor mavsumida mamlakatimiz bo‘ylab 67,5 million tup tut ko‘chati ekildi. Shundan 2 ming 727 gektar yangi tutzor barpo etilib, jami tutzorlar 53 ming gektarga yetkazildi.

Ayni kunlarda esa tutchilik xo‘jaliklarida 33 ming 73, pillani qayta ishlash korxonalarining yer maydonlarida 21 ming 435, shuningdek, aholi tomorqa yerlarida 19 ming 468, jami 73 ming 976 dona tut ko‘chati va nihollari yetishtirilmoqda.

Mazkur tutzorlarni kengaytirishda Abdulfattoh bobo kabi mehnatsevar insonlar, yoshu qari birgalikda mehnat qilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA