Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adirlikda tut plantatsiyalari barpo etilmoqda
15:17 / 2023-03-27

Keyingi yillarda mamlakatimizda qisqa muddatda daromad olish imkonini beruvchi pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Qolaversa, joriy yilning 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish, pillachilikni rivojlantirish, xususan, tut plantatsiyalari tashkil etish yuzasidan ham qator topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

Ana shu vazifalardan kelib chiqib, pillachilikning ozuqa bazasini yanada rivojlantirish maqsadida Andijon viloyatida qayta ishlashga ajratilgan jami 5 ming 71 gektar maydonda tut plantatsiyalari tashkil etish rejalashtirildi. Pillachilikda ozuqa baza mustahkam bo‘lsagina, pilladan yuqori hosil olinadi, ko‘zlangan natijaga erishiladi. Shu ma’noda viloyatda tutzorlar tashkil etish bo‘yicha ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Andijon viloyatida barpo etiladigan tutzorlarning salmoqli qismi, aniqrog‘i 720 gektari Marhamat tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni kunlarda pillachilik klasterlari tomonidan tumanning Y.Oxunboboyev massivi adirliklarida yangi tut plantatsiyalarini barpo etish ishlari boshlab yuborildi.  

[gallery-11154]

Qisqa fursatda adirlikning 100 gektar maydoniga 500 ming tupdan ziyod ozuqabop tut ko‘chatlari o‘tqaziladi. Albatta, tutzorlarni kengaytirish, ipak qurti boqish va pilla yetishtirish, qayta ishlash korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.  

F. Ubaydullayev,  

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA