French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adirlik bag‘rida barpo etiladigan zamonaviy mikro va makro massivlar
17:14 / 2020-01-07

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Ittifoq massivida barpo etiladigan mikro, makro massivlar hamda ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.


Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Ittifoq massivida barpo etiladigan mikro, makro massivlar hamda ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin bu yerda salmoqli ishlar amalga oshirildi. 

Ma’lumki, Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Andijon viloyati respublika hududining 1 foizini, aholisi esa 10 foizini tashkil etadi. Shu bois ham viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanish talab etiladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatiga 2019 yilning 16-17 may kunlari tashrifi chog‘ida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash borasida qator vazifalar belgilab bergan edi. 

Ana shu vazifalardan kelib chiqib, qolaversa, boshqa tegishli hujjatlar ijrosi doirasida viloyat hokimining tashabbusi bilan Andijon shahri bilan tutash adir hududlarida ko‘p qavatli arzon uylar qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. 

– Joriy yilda Xo‘jaobod tumani Ittifoq massividagi adir zonasida bir necha bosqichda 34 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Ibrohimjon Xolmatov. – Birinchi bosqichda 330 kvartirali 2-3 xonadan iborat 11 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Barpo etiladigan uylarning 9 tasi birinchi navbatda uy-joyga muhtoj aholiga, ikkitasi esa xizmat uyi sifatida harbiylarga berilishi ko‘zda tutilgan. 20 gektardan ziyod maydonda barpo etiladigan mikro massivda ko‘p qavatli uylarni qurish, kommunikatsiya, infratuzilmani barpo etish bo‘yicha olib boriladigan ishlar, kelgusidagi rejalar belgilangan. Qurilish uchun nimaga aynan ushbu joy tanlandi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. 

Mutaxassislarimiz tomonidan anchadan buyon adirlik hududlarida ko‘p qavatli uylar qurish, joy tanlash borasida o‘rganishlar olib borilmoqda. Ushbu hudud eng avvalo, Andijon shahrining shundoqqina yuqorisida, Andijon – O‘sh avtomagistral yo‘lida joylashgan. Qolaversa, bahavo, yozning issiq kunlarida ham doimiy shabada esib turadi. Bundan tashqari, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlariga birmuncha yaqin.

Bu har bir uyning atrofida bolalar, sport maydonchalari, avtomobillar turar-joylarini barpo etiladi. Umuman, bu yerda yashovchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi. 

Qurilishning birinchi bosqichida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun hozircha 26 ta qurilish tashkiloti jalb etildi. Mana bir necha kundirki, yuzlab texnika vositalari tinimsiz ishlamoqda. Qurilish ishlariga minglab ishchilar, mutaxassislar jalb etilgan. Hozirda yo‘llar belgilanib, uylar uchun belgilangan maydonlar tayyorlanmoqda.

Massivdagi har bir uyning kanalizatsiya tarmog‘i bir-biriga bog‘lanadi. Oqova suvlar to‘planadigan va qayta ishlanadigan alohida yirik suv tozalash inshooti quriladi. Massivda yashovchilar uchun zarur barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Hududda maktabgacha ta’lim tashkiloti, maktab, guzar, bozorcha, bir nechta do‘konlar ham barpo etiladi.

Yangi barpo etilayotgan arzon ko‘p qavatli uylar birinchi navbatda yaqin hududlar aholisiga, ya’ni Andijon shahri, Andijon, Xo‘jaobod, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlidagi uy-joyga muhtoj, shuningdek, uy-joy olish uchun navbatda turgan oilalarga berilishi ko‘zda tutilgan.