Bugungi kunda Toshkent shahrida 35 ming gektardan ko‘proq maydon mavjud bo‘lsa, shundan 7 ming gektarini yashil maydonlar tashkil etadi. Ushbu yashil hududda 220 turdagi daraxt va 30 xildagi buta parvarish qilinmoqda.
Ularni mavsum davomida turli zararkunandalardan asrash, quriganlarini yo‘q qilish, yangi ekzotik o‘simlik turlarini ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari tomonidan doimiy ravishda nazorat tadbirlari olib borilyapti. Poytaxtimizning Adiblar xiyoboniga tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari xodimlari jarayon bilan batafsil tanishdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2020 yilda yangidan barpo etilgan mazkur bog‘ 24 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 3 ming 900 ta manzarali daraxt bor. Har xil navdagi ushbu manzarali daraxtlarning yashilligini saqlab qolish, turli xil zararli organizmlardan himoya qilish, zararkunanda hasharotlarni kimyoviy usuldan bosqichma bosqich voz kechgan holda, biologik usulda yo‘q qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Press-tur davomida mana shunday usullardan biri bo‘lgan, eng samarali entomofaglardan hisoblangan oltinko‘z hammaxo‘r hasharot tuxumlari hamda biologik usullardan biri – qush inlari daraxtlarga ilib chiqildi. Bu bioxilma-xillikni asrash, qushlar biofondini boyitish va ularni muhofaza qilgan holda ko‘payishi, tarqalishi bilan bir qatorda zararli organizmlarning o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sirining oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Bu yilgi mavsum uchun 300 dan oshiq qush inlarini ilish rejalashtirilgan.

Keyingi manzilimiz Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasiga qarashli “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat chegara maskani bo‘ldi. Mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan va chet davlatlarga chiqib ketayotgan karantin osti-yuklarini nazorat qilishda, zararli-organizmlarni aniqlashda, ushbu chegara maskanlarida kuchaytirilgan tartibda nazorat olib borilmoqda.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 305 mingdan ortiq karantindagi zararli organizmlar mavjud bo‘lib, ularning yurtimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish dolzarb hisoblanadi. Shu boisdan chegara maskanlariga biriktirilgan inspektor xodimlarning bu boradagi xizmatlari muhim ahamiyatga ega.

Sh.Mamaturopova, O‘zA