Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talaba-yoshlarning kitob mutolaasi madaniyatini rivojlantirish, badiiy savodxonligini oshirish hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adiblar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini mustahkamlash, ijodiy fikrlashni rivojlantirish va ularni ma’naviy barkamollik sari yo‘naltirish borasida qilinayotgan ishlar xususida so‘z bordi.
Adiblar tomonidan adabiyotning yoshlar hayotidagi o‘rni, ijod jarayonining o‘ziga xos jihatlari hamda zamonaviy adabiy tendensiyalar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Shuningdek, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning savollariga javob berildi. Yosh ijodkorlar uchun “Ijodiy mahorat darsi” ham tashkil etildi.
Tadbir yakunida adiblarga universitet rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirilib, faol ishtirok etgan talabalarga faxriy yorliqlar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA