O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a’zosi Dilshoda Saidolimovaning “Xayolim guli” she’rlar va qatralar kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, yosh ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, “Xayolim guli” to‘plami shoiraning o‘ziga xos saylanmasi sifatida tayyorlangan va yettiga ajratilgan. Har bir qismida shoira ijodidagi birlamchi mavzular o‘z aksini topgan.
Shoira barcha o‘zbek ijodkorlariga xos ravishda Vatan mavzusini o‘zining bosh maqsadi, deb biladi va tabiiy ravishda, eng avvalo, kindik qoni tomgan tuproqqa, Zarafshon daryosining ikki oqimi: Oqdaryo bilan Qoradaryo oralig‘idagi Miyonqolga bo‘lgan farzandlik mehrini ifoda etadi.

Xususan, u shunday yozadi:
“Maysadurman senda ungan,
Humo qushi kabi qo‘ngan.
Dilim mehri, qonim singgan,
Miyonqolim, bo‘l omon!..”
Shoira uchun yana bir aziz mavzulardan biri muhabbatdir. Ushbu to‘plamga nom bo‘lgan satr ham ayni muhabbatga bag‘ishlangan she’rda keladi:
“Sog‘inch seli toshmay yurakdan,
Kelsang, kel-ey, xayolim guli!”
Taqdimot tadbirida shoira she’rlarining ushbu jihatlari haqida so‘z yuritildi.
Kitob “O‘zbekiston” nashriyotida 300 nusxada chop etilgan. Bu kitobga qadar uning “Umidim” nomli she’riy hamda “Sen mening quvonchimsan”, “Kichkina ammam” nomli nasriy kitoblari chop etilgan.
“Umidim” she’riy to‘plamidagi she’rlaridayoq shoiraning o‘ziga xos ovozi kurtak ko‘rsatgan edi. Uning “Sen mening quvonchimsan” nomli to‘plamidagi hikoyalarida, eng avvalo, ijodkorning shoirona munosabati, ayollik tuyg‘ulari aks etgan.
O‘zA