Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli yozuvchi, tarjimon, publitsist Risolat Haydarovaning “Suyumbika” romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov, taniqli shoirlar Salim Ashur, Sirojiddin Rauf va boshqalar mustaqillik davri o‘zbek nasrida jahon tarixi mavzulariga qo‘l urishdek xayrli an’ana shakllanganini ta’kidladi. Muhammad Alining “Kleopatra”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romanlari, Baxtiyor Abdug‘afurning “Kibr minorasi” qissasi shular jumlasidandir. Yozuvchi Risolat Haydarovaning “Suyumbika” tarixiy romani ham mana shu an’ana yo‘lida yozilgan.
Roman XVI asr ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y bergan voqealarga bag‘ishlanadi. Suyumbika – Qozon xonligini boshqargan, mamlakatda qator iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan, o‘z xalqi, erki, baxt-saodati uchun kurashgan jasur malika. Turkiy xalqlar tomonidan Suyumbika haqida ko‘pdan-ko‘p afsonalar to‘qilgan. Asar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashida muhokama qilinib, ijobiy baholangan va nashrga tavsiya etilgan. Kitob “Samo nashr” nashriyotida chop etilgan.
Bugungi kunda Qozon shahri me’moriy obidalari orasida mahobatli Suyumbika minorasi alohida o‘rin egallaydi. Shahardagi xiyobonlardan biriga ham malikaning nomi berilgan. 1991 yildan e’tiboran Qozonda “Suyumbika” nomli xotin-qizlar jurnali chop etib kelinmoqda. 2022 yilda Rossiyaning Ryazan viloyatidagi Qosimov shahrida Suyumbikaga haykal o‘rnatilgan.
500 yildan oshibdiki, Suyumbika haqidagi tarixiy haqiqat va afsona el orasida yashab keladi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar roman o‘zbek nasrida deyarli yoritilmagan yangi mavzuga bag‘ishlangani, turkiy xalqlar tarixining yorqin vakilasi bo‘lmish Suyumbika tarixiy fenomeni badiiy timsol darajasiga ko‘tarilganini e’tirof etdi.
Romanda Suyumbika obrazi orqali ayol irodasi, vatanparvarlik, yurt osoyishtaligi yo‘lidagi fidokorlik kabi ulug‘vor g‘oyalar sharaflangani ta’kidlandi.
Tadbirda Risolat Haydarova ijodi, uning yangi romani xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA