English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adib, tarjimon, radiojurnalist
09:37 / 2026-01-28

So‘z san’ati, kinematografiya, dublyaj, radiojurnalistika va tarjimonlik sohasi muxlislari taniqli yozuvchi va ijodkor Olim Otaxon ijodini alohida qadrlaydi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Do‘stlik” ordeni sohibi, ustoz ijodkor Olim Otaxon tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo va boshqalar Olim Otaxon tarjima san’ati, so‘zning mas’uliyati, mashaqqatini teran his etgan ijodkor bo‘lganini e’tirof etdi.  

–Yozuvchi yoki shoir o‘z qalbi sog‘ingan mavzuni yozsa, tarjimon ham qalbidagi og‘riqlarga, umidlarga hamohang bo‘lgan asarlarni tarjima qilishga qo‘l uradi, – dedi Minhojiddin Mirzo. – Olim Otaxonda ham shunday edi. Millatning badiiy, poetik tafakkurini shakllantirishda yozuvchi va shoirlarning o‘rni beqiyos. Olim Otaxon shu jihatlarni teran his etib ijodga yondashar edi.  

–Olim Otaxon milliy adabiyotimizning haqiqiy jonkuyari, fidoyisi edi, – dedi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Suvon Meli. –  Adabiyotda Olim Otaxondek talabni, darajani baland qo‘ygan ijodkorni uchratmaganman. Aslida adabiyotning yoniga borgan odam undan ketolmaydi. Adabiyotning jangchisiga aylanadi. Olim Otaxon ana shunday ijodkor edi. U so‘z san’atida yangi tasvir yo‘llarini ochgan ijodkor. U radiojurnalistika, tarjimonlik, adabiyot rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Olim Otaxon jur’ati va jasorati haqida gapirish oddiy narsa emas.

Ustoz jurnalist va adib Xurshid Do‘stmuhammadning fikricha, Olim Otaxon muhabbat bilan yozardi. Ayni paytda u yaxshi shoir ham edi. Ko‘ngli juda nozik ijodkor adabiyotga katta mas’uliyat bilan yondashar edi.  

Anjumanda e’tirof etilganidek, Olim Otaxon o‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida adabiyot maydonida, o‘zbek nasri yo‘nalishida  yangi ovoz, yangi talqin bilan kirib keldi. Istiqlolning dastlabki yillarida va keyingi o‘n yil davomida matbuotda e’lon qilingan “Chanoq”, “Ularni tarbiyalagan tun”, “Odamlar izlayotgan Mustafo”, “Ozod qushlar haqida qissa” kabi nasriy asarlari o‘zbek adabiyotida yangi to‘lqinni boshlab berdi.  

Yozuvchining “Bolalik kabutarlari”, “Oqshom xayollari”, “Ozod qushlar haqida qissa”, “Adoqsiz ko‘chalar” asarlari, “Saylanma” kitobiga jamlangan ijod namunalari adabiyot olamida ko‘plab ijodkorlarga ruh bergan, bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan asarlar sirasiga kiradi.  

Olim Otaxon iste’dodli adib bo‘lishi bilan birga, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, adabiyotimizni boyitishga munosib hissa qo‘shgan ijodkor edi. Ijodkor Fyodor Dostoyevskiyning “Ma’suma”,  “G‘aroyib olam”, Jek Londonning “Oq so‘yloq”, Xulio Kortasarning “O‘yinning tugashi”, “Biz Glendani shunday sevamiz”, Yasunari Kavabataning “Oq gullar” kabi asarlarini ona tilimizga tarjima qilgan.

Adabiy anjumanda Olim Otaxon ijodi, uning faoliyati, adib bilan bog‘liq xotiralar haqida atroflicha fikr yuritildi.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri