Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adashganlar uchun yana bir imkoniyat
18:28 / 2020-12-10

Bag‘rikenglik va kechirimlilik, yiqiganni suyash, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish elimizga xos azaliy fazilatlardan hisoblanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi bayramida qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon ham xalqimizning ana shunday qadriyatlarining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Mazkur hujjatga asosan Namangan shahri, Mingbuloq, Chortoq, Uychi va Namangan tumanlaridan avf etilgan olti kishi jazoni o‘tish joylaridan ozod etilib, yaqinlari bag‘riga qaytarildi.

Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi sektor rahbarlari bilan birgalikda jazoni o‘tash muassasalarida qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tib, afv etilgan fuqarolarni qabul qildi.

35 yoshni qarshi olgan chortoqlik Izzatbek Abduqodirov 2016 yili sud hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. To‘rt yildan beri jazo muddatini o‘tayotgan bir paytda Prezidentimizning bag‘rikenglik siyosati natijasida o‘z uyiga qaytdi.

[gallery-367]

– Yurtboshimiz ko‘pchilik qatori meni ham kechirganlaridan bag‘oyat minnatdorman. Qilgan ishidan qat’iy nazar e’tibor bilan kutib olinishini ochig‘i kutmagandim. Peshqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va ichki ishlar profilaktika inspektori har qanday masalada ko‘makka tayyorligini bildirishganida ko‘zimga sevinch yoshlari keldi, – deydi Izzatbek Abduqodirov. 

– O‘zimni tiklab olishim uchun 1 million 312 ming so‘m miqdorida moddiy yordam pulini berishdi. Jazoni o‘tish joyida kechgan to‘rt yil tarbiya vazifasini o‘tadi. Insonlarni hurmat qilishni, qonunlarga buysunish kerakligini o‘rgandim. Jazodan ozod etilganim katta imkoniyatdir. Endi ota-onam, ayolim, farzandlarim va mahalladoshlarim oldida o‘zimni yaxshi tomonlarimni ko‘rsatib, Yurtboshim bildirgan ishonchni oqlashim shart. Tumanimizda bo‘sh turgan yerlardan olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Gazetadan o‘qishimcha, o‘zimizda yetishtirilayotgan kartoshka aholi ehtiyojlarini to‘laqonli qoplay olmas ekan. Niyatim, halol mehnat qilib, odamlar ro‘g‘origa baraka kirishiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shish.

Namangan shahridagi Guliston mahallasida yashovchi Mansur Hamdamov xatolari sababli oltinga teng yoshlik davrining salkam 11 yilini ozodlikdan ayro holda o‘tkazdi. Bugun afv tufayli jazodan ozod etilgan 30 yoshli yigit ozodlik, ona duosini olib yurish, odamlarga naf keltirish naqadar ulug‘ ne’matlar ekanini yurakdan his etayotganini aytib o‘tdi:

– Jazoni o‘tish muassasasida kechgan so‘nggi yillarda hunarli bo‘lib, kiyimlar tikishni o‘rgandim. Shahar Bandlikka ko‘maklashish markazidan menga tikuvchilik korxonasidan bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Endi halol ishlab, yaqinlarim oldida yuzim yorug‘ bo‘lishi uchun astoydil harakat qilaman. Aytgancha, tug‘ilib o‘sgan mahallamda yuz bergan bunyodkorlik o‘zgarishlaridan hayratlandim. Yozda chang, qishda loy bo‘ladigan ko‘chalarimiz obod manzilga aylanibdi. Mana shu o‘zgarishlarga javoban jamiyatda o‘z o‘rnimni topish burchimdir.

Muloqot davomida afv etilgan har bir fuqaro bilan dildan suhbatlashildi. Prezidentimizning farmoni to‘g‘ri yo‘ldan adashgan kishilar uchun katta imkoniyat ekanligi, bu o‘z navbatida hayotda munosib o‘rin egallagan holda faqat to‘g‘ri yo‘ldan yurib, yurtimizdagi ayni islohiy yangilanish va ijobiy o‘zgarishlarda faol ishtirok etishga undashi lozimligini ta’kidlandi. Tegishli tashkilotlar mutasaddilariga afv etilgan fuqarolarni ijtimoiy moslashtirish, ya’ni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirishdan tortib, ishga joylashtirishgacha bo‘lgan muhim masalalarda amaliy yordam berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Uchrashuv yakunida afv etilganlarning har biriga kundalik ro‘zg‘orda ishlatiladigan maishiy texnika qurilmalari topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev,  Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA