Mamlakatimizda para sport turlarini rivojlantirish, imkoniyati cheklangan aholi vakillarini sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishga yetarli shart-sharoitlar yaratish, matonatli sportchilar safini kengaytirish borasida muhim dasturlar qabul qilinib, ularning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur sa’yi-harakatlardan kelib chiqib, Sport vazirligi tomonidan adaptiv sport turlari, jumladan, paralimpiya, surdlimpiya, maxsus olimpiada va ko‘zi ojizlar sport turlari reyestri va uning tarmoqlari tasdiqlandi.
Mazkur sport turlari davlat sport ta’lim muassasalari, sport maktablari, ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlari, nodavlat tashkilotlar sport klublari bazasida rivojlantiriladi.
Shu bilan birga, ushbu sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarga jalb etilgan sportchilar va ularning trenerlari haqidagi barcha ma’lumotlar ERP sport yagona elektron boshqaruv tizimi orqali ro‘yxatga olinib, markazlashtirilgan holda yuritilishi belgilandi.
Bu, para sport turlari bo‘yicha seleksiya ishlarini olib borish, mahoratli para sportchilarning faoliyatini tizimli monitoring qilish, ta’lim va tayyorgarlik jarayonini raqamlashtirish hamda adaptiv sport turlarini yanada samarali va shaffof rivojlantirish imkonini yaratishi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA