Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan muntazam shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish, sport inshootlarini imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirish va ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tgan yili O‘zbekiston Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tashkil etilib, imkonsizlikdan imkon topishga intilayotgan matonat va iroda sohiblari uchun qiziqishlaridan kelib chiqib turli sport musobaqalari tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur musobaqalarni tashkil etish va sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni belgilangan tartibda olib borishda adaptiv sport turlari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning alohida o‘rni bor.
Kuni kecha Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammo va yechimini kutayotgan masalalar tahlil etildi.
O‘zbekiston Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi ijrochi direktori Anvar Mursakulov, Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Muqim Arziqulov hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori Mehriddin Mirjamolov hamda soha mutaxassislar kun tartibiga qo‘yilgan har bir masalani atroflicha muhokama qilishdi.
2025 yilning sentyabr-dekabr oylarida surdlimpiya, maxsus olimpiya va ko‘zi ojizlar sport turlari bo‘yicha tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarida ishtirok etadigan tinglovchilar ro‘yxatini shakllantirish, ularning kasbiy bilim darajasini oshirishga zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida fikr yuritildi.
Shuningdek, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, o‘quv dasturlarini xalqaro tajribaga moslashtirish, adaptiv sport sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA